Qora pomidorni eshitganmisiz, binafsharanginichi, balki daraxt pomidorni bilarsiz, bularning barchasi Bulung‘urda yetishtirilmoqda

Tumanning Gulzor mahallasida yashovchi Sherali Xoldorov 3 yil avval tomorqasining 1 sotix maydonida issiqxona tashkil etgandi. Hozir bu yerda pomidorning noyob navlarini yetishtirmoqda. Xo‘sh, u bunday urug‘larni qayerdan olgan?

- Harbiy xizmatni Shimoliy flotda o‘taganman va shundan buyon har yili xizmatdosh do‘stlar bilan ko‘rishib turamiz, - deydi Sh.Xoldorov. – Issiqxona qurganimni eshitgan rossiyalik do‘stim har yili noyob pomidor urug‘larini keltirib beradi. Hozir mo‘’jazgina issiqxonamda pomidorning “Fantaziya”, “Zolotoy kupala”, “Ivanda Mariya”, “Chyorniy groz”, “Banan”, “Kivi” kabi 450 xil navdagi ko‘chatlarni parvarishlayapman. Bu urug‘lardan qora va binafsharang pomidor onkologik kasalliklarni davolaydi, yurak tomirlarini kengaytiradi, ko‘z nurini ravshanlashtiradi, buyrak faoliyatini yaxshilaydi. O‘tgan yili esa Toshkentdagi ustozim Yaponiyaning Sapata kompaniyasining hali viloyatimizda yangilik bo‘lgan “Adriatika F1” navini keltirib berdi.

Bundan tashqari, ko‘p yillik daraxt pomidor ham o‘stiryapman. Bu navli pomidorning bir tupidan 7-8 yoshga yetganda yiliga 1,5 tonna hosil olish mumkin. Shu navdan issiqxonamda 4 tup bor.

O‘.XUDOYBERDIYeV.