Qorabog‘da yana ziddiyat: Tog‘li Qorabog‘ hukumati fuqarolarning huquq va erkinliklarini vaqtincha chekladi
Keyingi paytlarda Tog‘li Qorabog‘ atrofida vaziyat yana keskinlashdi. Shu munosabat bilan respublikada amal qilayotgan harbiy holatga ko‘ra, yig‘in va namoyishlar o‘tkazish huquqi cheklandi.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR) rahbari Arayik Arutyunyan amaldagi harbiy holat doirasida fuqarolarning “huquq va erkinliklari”ni vaqtincha cheklovchi farmonni imzoladi.
Hujjatda qayd etilganidek, yig‘inlar, namoyish va boshqa tadbirlarni o‘tkazish taqiqlangan, mudofaa qobiliyati va xavfsizligiga qarshi qaratilgan tashviqot va shunga o‘xshash faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyati to‘xtatilgan.
Yana ziddiyat
Keyingi 2-3 kunda Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi atrofida vaziyat yana keskinlashdi. 26 mart kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi arman bo‘linmalarini Ozarbayjon armiyasining mintaqadagi bo‘linmalariga qarshi qo‘poruvchilik qilishga urinishda aybladi.
O‘z navbatida TQR Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Ozarbayjon armiyasi yana “turli kalibrli o‘qotar qurollardan foydalangan holda Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mas’uliyat zonasida – sharqiy yo‘nalishda oldinga siljishni ta’minlashga urinib, tajovuzkor harakatlarga” o‘tganini ma’lum qildi. Armaniston TIV Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar kontingentini Ozarbayjon qo‘shinlarining dastlabki pozitsiyalariga qaytishiga erishishga chaqirdi.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘ hududidagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti mas’uliyat zonasiga kirib, Tog‘li qurolli tuzilmalari bo‘linmalariga Qorabog‘dagi Furux aholi punkti atrofiga uchuvchisiz uchish apparati orqali to‘rt marta zarba berganini ma’lum qildi.
2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrgacha Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida bir paytlar Ozarbayjon tarkibiga kirgan, asosan armanlar istiqomat qiladigan va Bokudan mustaqilligini e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ uchun urush bo‘lgan. 6,5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan urush natijasida Ozarbayjon Qorabog‘ning salmoqli qismini o‘z nazoratiga qaytardi.
Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladi va Rossiya tinchlikparvar kuchlari chegara chizig‘iga olib kelindi. Mintaqada keskinlik saqlanib qolmoqda.