"Qoradori 2020" tadbirlari natijasida 300 nafardan ortiq shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Toshkent viloyati IIBBning 2 mingdan ortiq xodimlari tunu kun karantin tadbirlariga xizmat qilish bilan birga, viloyat hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni issiq izida fosh etish hamda hududlarda ijtimoiy muhitni yaxshilash yuzasidan bir qator tadbirlarda faol xizmat qilmoqda.

Jumladan, jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda sohaviy xizmat xodimlari tomonidan «Qora dori-2020» keng qamrovli tadbiri davomida tarkibida narkotik moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 100 ta holat aniqlanib, 715 kvadrat metr yer maydonidagi ko‘knor va kannabis kabi giyohvandlik o‘simliklari yo‘q qilindi.

Bundan tashqari, 17 ta giyohvandlik vositalarini sotish va 51 ta giyohvand moddalarni saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etilib, 52 kilogramdan ziyod narkotik moddalar noqonuniy muomaladan olingan.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent viloyati bo‘yicha giyohvandlik bilan bog‘liq jami 327 ta holatlar aniqlangan bo‘lsa, natijada 83 kilogramdan ortiq narkotik moddalar noqonuniy muomaladan olingan. Tadbirlar davomida 300 nafardan ortiq shaxslar qo‘lga olingan va ularga jinoiy ish ochilgan.

Shu bilan birga, tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan, inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 30 dan ziyod holatlar aniqlangan bo‘lib, uning ortidan 35 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ushlangan shaxslar va ular orqali sof qiymati 343 million so‘mga teng bo‘lgan, jami 42 ming 880 dona shu turdagi moddalar noqonuniy muomaladan olingan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berishicha, aniqlangan barcha holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilgan.