Qoraqalpog‘istondagi “otishma“ sabablari aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Ellik qal’a tumanida ulkan qora yuk mashinasi ikkita patrul mashinasini o‘qqa tutayotgani aks etgan video tarqaldi.

Video ostidagi izohlarda bu voqea “O‘zbekkino“ milliy agentligi bilan birgalikda hindlarning O‘zbekistonda suratga olinayotgan yangi romantik filmining suratga olingan qismi, deb taxmin qilingan.

“O‘zbekkino“ MA bosh direktori F.Abduxoliqovning so‘zlariga ko‘ra, internetda paydo bo‘lgan suratlar “Xudo Hofiz” nomli hind filmiga tegishli kaskadyorlik lavhalaridir.

– Mamlakatimizning dunyoga ochilayotgani va kinoni qo‘llab-quvvatlash borasidagi mexanizmlar bugungi kunda nafaqat yangi sheriklar bilan ishlash, balki mamlakatga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish imkonini bermoqda. Rejaga binoan hind kinoijodkorlarining O‘zbekistondagi sarf-xarajatlari taxminan 1 million dollarni tashkil etadi, – dedi F.Abduxoliqov.

Film ssenariysiga ko‘ra, global moliyaviy inqiroz boshlangan paytda yosh juftlik Usmon va Nargis moddiy qiyinchiliklarga duch keladi va Noman Respublikasiga (xayoliy mamlakat) borib ishlashga qaror qiladi. Usmon avvaliga Nargisni Nomanga yuboradi va orqasidan o‘zi bormoqchi bo‘ladi. Ammo ko‘p o‘tmay, unga aeroportdan sarosima bilan qo‘ng‘iroq qilishadi. Usmon darhol Nomanga uchib ketadi va Nargisni topishga harakat qiladi. Ayoli odam savdosi qurboniga aylanganini anglab, mamlakat rasmiy idoralariga murojaat qiladi. Ichki razvedka xodimi Tamenaning ko‘magida jinoiy guruhning iziga tushishadi. Nihoyat, Usmon Nargis va boshqa hindistonlik “tirik tovarlar“ joylashgan yuk mashinasini olib qochadi. Jinoiy guruh Usmonni ta’qib qiladi...

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ana shu jarayon aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, filmni suratga olishda Hindiston, AQSh, Rossiya va Yevropa mamlakatlaridan 150 dan ortiq aktyor, shuningdek, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining aktyori Otabek Haqberdiyev ishtirok etmoqda.

Kartina premerasi 2020 yilda bo‘lishi kutilmoqda.

Bugun Hindistonning “Panorama Studios” studiyasi O‘zbekistondagi suratga olish ishlarini yakunladi. Filmni suratga olish jarayonlari Hindistonda davom ettiriladi.