Qorasuv massivida uch yilda 116 ta ko‘p qavatli uy qurildi

Keyingi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olib, yangi turar joy massivlari tashkil etilayotgani xalqimizni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan masalaga ijobiy yechim bo‘ldi.

Jumladan, Samarqand shahrining uchta hududida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish belgilangan bo‘lib, Qorasuv massivi ularning dastlabkisidir. 2018 yildan mazkur massivda zamonaviy shaharsozlik andozalari asosida ko‘p qavatli uylar qurilishiga kirishildi. “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bu yerda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor.

Turar joylarning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, bu xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.

Qorasuv massivida qurilgan ko‘p qavatli uylar soni bugunga kelib 116 taga yetdi. Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari barpo etildi. Joriy yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.