Qorasuvdagi uzilishlarning biriga tadbirkorning o‘zboshimchaligi, ikkinchisiga fiderdagi avariya sabab bo‘lgan

Kecha, 12 noyabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida e’lon qilingan, fuqaro G‘anisher O‘tashevning “Svet” o‘ynagani sabab liftda qolib ketyapmiz, uyimizga kirib-chiqishda qiynalyapmiz” mazmunidagi murojaati yuzasidan Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Aniqlanishicha, haqiqatdan ham joriy yilning 11 noyabr kuni soat 17:20 lar atrofida Qorasuv massividagi yangi uylarda elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgan.

Shahar elektr ta’minoti korxonasi tezkor brigadasi tomonidan ushbu holat o‘rganilganda, xususiy tadbirkor H.Eshonqulov ushbu ko‘p qavatli uylar atrofidan savdo do‘koni qurish uchun ob’yektning yerto‘la qismini kovlagani va elektr uzatuvchi tarmoqlarning 6 kVli kabeliga ziyon yetkazgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu o‘zboshimchalik oqibatida hududda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lgan.

Mutaxassislarning fikricha, quruvchilar elektr ta’minoti korxonasi bilan kelishgan holda shartnoma tuzib, shundan so‘ng ishni boshlashlari kerak. Biroq tadbirkor H.Eshonqulov ob’yekt yerto‘lasida kovlash ishlarini olib borishda elektr ta’minoti korxonasi bilan hech qanday kelishuv amalga oshirmagan (Tahririyatdan: munosabatda tadbirkorga qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli tashkilotlarga taqdimnoma kiritilgani haqida bayon etilmagan).

Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasining tezkor brigadasi tomonidan Qorasuv massividagi ushbu uzilishlar kechaning o‘zida soat 22:30 da bartaraf etildi. Shu kungi elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga Qorasuv massividagi Samarqand tumaniga qarashli “Guldor” fiderda soat 12:30 da avariya holati yuzaga kelgan va uzilish 13:45 da bartaraf etilgan.

“Samarqand HETK” AJ axborot xizmati.