Qo‘shiqchi J.U.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilgan xodimlar harakatiga baho berildi

Voyaga yetmagan Sh.M.ni majburlab nomusiga tekkanligi holati yuzasidan J.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, JIB Kattaqo‘rg‘on shahar sudida mazmunan ko‘rilib, sudning 2021 yil 2 fevraldagi hukmi bilan J.U. va boshqalar  aybdor deb topilib, ularga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlandi.

Jinoyat ishi tomonlarning shikoyati asosida Samarqand viloyat sudi tomonidan appelyasiya tartibida ko‘rib chiqilib, hukm kuchida qoldirilgan.

Voyaga yetmagan Sh.M.ning nomusiga tekkanlik holati bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisining harakatlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazildi. Unda tergovchi dalillarni sohtalashtirmaganligi, ko‘rsatuvlarni o‘zgacha tarzda qayd etmaganligi, tergovga qadar tekshiruv harakatlarida ishtirokchilarning ko‘rsatuvlarini o‘zlarining so‘zlaridan yozib olganligi aniqlangani sababli unga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilindi.

Biroq u holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli unga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan "hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Shuningdek, mazkur holatda idoraviy nazoratni yetarli darajada ta’minlamagan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘iga  "hayfsan", tuman IIB boshlig‘iga “tanbeh” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Viloyat IIB tergov bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimdan ozod qilinganligi bilan chegaralanilgan.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.