Qo‘shrabot ham mahsulot eksport qila boshladi
Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashining sessiyasida aholiga murojaat qilgan tuman hokimi H.Oqbo‘tayev 2019 yil 1 yanvar holatida hududda xorijiy kapital ishtirokida birorta korxona mavjud bo‘lmagani holda, bugunga kelib 11 ta qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Joriy yilning o‘tgan davrida bu korxonalar tomonidan 2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
– Lekin hali oldimizda yetakchi tarmoq bo‘lgan tog‘-kon sanoatini rivojlantirish vazifasi turibdi, – dedi H.Oqbo‘tayev. – Xorijlik investorlarga bu boradagi imkoniyatlarimizni ko‘rsatib bera olish kerak. Asosiy drayverlarimizdan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida uzumchilikni bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtirishga e’tibor qaratyapmiz. 2018 yilda sobiq sovxozlar hisobidagi tokzorlar 600 gektarni tashkil etardi, xolos. Keyingi uch yilda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan ekilgan tok va bog‘larimiz 5 ming gektardan oshdi. 1225 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Kelgusi yilda 90 ga yaqin fermer xo‘jaliklarimiz tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda uzumchilik yo‘lga qo‘yiladi. 2021 yilning yakuniga borib tumanimizda uzum maydonlarini 10 ming gektarga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Shu paytgacha tumanimiz aholisi ehtiyoji uchun sabzavotni boshqa tumanlardan olib kelardik. Endi esa davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyatlar natijasida dehkon va fermer xo‘jaliklarimizda 4,5 mingdan ortiq suv quduqlari qazilishi, qo‘shni tuman va viloyatlardan dehqonlarni jalb qilib, aholini o‘rgatishimiz natijasida bu mahsulotlarni o‘zimizda yetishtiryapmiz. Birgina kartoshkachilik bo‘yicha joriy yilda ilk marotaba chetdan urug‘ keltirib, 700 gektardan ortiq maydonda kartoshka ekildi va yaxshi hosil olishga erishdik.
Bundan tashqari, chetdan 10 ming bosh qo‘y, echkilar olib kelindi. 2021 yilda yana 6 bosh chorva olib kelib, fermerlar va aholiga tarqatamiz.
Tumanni 2021-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 280,6 milliard so‘mlik 174 ta loyiha rejalashtirilgan. Shuningdek, 6,6 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.