Qo‘shrabotdagi 36 million dollarlik ichimlik suv loyihasi qachon amalga oshadi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi chorak asr davomida yuqori tashkilotlarga “Qo‘shrabot tumani aholisining 78 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan” degan hisobotlar berib borilgan. 2017 yilda o‘tkazilgan xatlov natijasida esa bu ko‘rsatkich atigi 16 foizni tashkil etishi ma’lum bo‘lgan.

Prezidentimizning 2018 yilda viloyatimizga qilgan tashrifi chog‘ida tumanda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Xalqaro moliya institutlari - OPEK hamda Saudiya Arabistoni rivojlantirish fondlarining 36 million dollarlik kredit mablag‘lari evaziga loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi. Buning natijasida 78 ta qishloq aholi punktida 56 ta ichimlik suvi inshooti, 883,8 kilometrlik tarmoqlar tortish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan, bu ishlar 2021 yil 31 dekabrga qadar yakunlanishi kerak edi. Mana, belgilangan muddat keldi. Xo‘sh, tuman aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash ishlari yakuniga yetdimi? Qo‘shrabotliklar bu xayrli ishlardan mamnunmi? Shu savollarga javob topish maqsadida tumanda bo‘ldik.

 Suvtida suv  bo‘lmaganmi?

Dastlab tuman hududiga kiraverishdagi mahallalardan birida joylashgan Suvti   qishlog‘i aholisi bilan suhbatlashdik.

- Bir paytlar 1 kilometr uzoqlikdan, soyning suvidan tashib ichardik, - deydi shu qishloqda yashovchi Sharbat Ibragimova. - Har kuni bir marta, erta tongda suv tiniq oqayotgan paytda tashib kelardik. Sel kelgan paytlarda esa 2 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloqdagi quduqlardan suv tashib ichardik. Mashinada, eshaklarda, ba’zida piyoda qiyinchilik bilan suv tashirdik. Ayrimlar ustimizdan kulardi, Suvti qishlog‘ida suv yo‘qmi, deb. Endi esa, mana, har bir xonadonga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Bir kunda 1-2 soat suv chiqib turibdi.

 

Istiqbol yo‘llarining istiqboli nima bo‘ladi?

Kamardagi kamchiliklar-chi?

Ikkinchi manzilimiz Qo‘rg‘on mahallasi Istiqbol qishlog‘i bo‘ldi. Bu yerliklarning ham quvonchi cheksiz, ammo...

- Qishlog‘imiz ichimlik suv bilan ta’minlanayotgani yaxshi, - deydi Samad Narzullayev. - Lekin suv tarmog‘i tortilib, yo‘llarimiz buzilib qoldi. Qolaversa, shu yo‘ldagi quvur uch marta yorilib, shuncha marta ta’mirlandi. Baribir shu joyidan haliyam suv sizib chiqyapti.

- Mahallamizning Istiqbol qishlog‘idagi shag‘al yo‘llar suv tarmog‘i tortilishi natijasida buzildi, - deydi mahalla raisi Toshniyoz Mardiyev. - Qurilish tashkiloti tomonidan qayta tekislanmadi. Hashar yo‘li bilan shag‘al to‘shalgan yo‘llarimizda tortilgan quvurlar bir necha marta yorilib, yo‘l qayta-qayta buzilyapti. Kamar qishlog‘ining bir qismiga tarmoq tortilgani bilan suv chiqmayapti.

 Xo‘rozqand xorijniki desa...

Ha, xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yoki chet elliklarning xizmat ko‘rsatishi haqida gap ketganda, aksariyat hollarda sifat jihatidan yaxshi, deb baholaymiz. Tumanda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasini amalga oshirish oldidan o‘tkazilgan xalqaro tender tanlovda g‘olib bo‘lgan tashkilotlar orasida O‘zbekistonnikidan tashqari Xitoy, Shveysariya va Ozarbayjon qurilish kompaniyalari ham bor. Qo‘rg‘on mahallasidagi qurilish ishlari xitoylik mutaxassislar tomonidan amalga oshirilyapti.

- Biz shartnomadagi ishlarni bajarib bo‘ldik, - deydi xitoylik menejer Hu Bing Bing. – Qurg‘oqchilik sabab yer osti suvi sathi pasayishi oqibatida artezian quduqlarimizdan yetarli miqdorda suv chiqmadi. Buyurtmachi tashkilot bilan kelishuvga asosan, qo‘shimcha yana 2 ta artezian qudug‘i qazish ishlarini olib boryapmiz. Qurg‘oqchilik va pandemiya sabab kechikish bo‘lyapti. 2022 yilning yanvar oyida chala qolgan ishlarimizni yakuniga yetkazamiz.

 Sohibkorga ham suv keldi

Sohibkor mahallasi tuman markaziga yaqin hududda joylashgan, ammo shu paytgacha aholisi toza ichimlik suv bilan ta’minlanmagan edi. 2021 yilda muammoga yechim topildi, biroq...

- Aholimiz toza ichimlik suv bilan ta’minlanganidan xursand, - deydi mahalla raisi Shuhrat Sayfullayev. – Suv kecha-kunduz berilyapti, ammo ayrim joylarda quvurlar yorilib, suv sizib chiqish holatlari kuzatildi. Mutaxassislar kelib ta’mirlab ketishdi, lekin buning uchun kavlangan joylar qayta ko‘milmadi.

- Hovlimizda jo‘mrakni burasak suv chiqyapti, - deydi II guruh nogironi Farhod Qayumov. - Bu jonning rohati ekan. Biroq ko‘p vaqt o‘tmasdan quvurlar va hisoblagichlar sifatsiz ekanligi sezilib qolyapti.

Hokim quruvchilarning ishidan norozi

Mahallalar faollari va aholi bilan suhbatlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, loyiha doirasida bajarilgan ishlar ko‘ngildagidek ’mas. Bu masalada tuman hokimi Himmat Oqbo‘tayevdan izoh so‘radik.

- Tumanimizning 7 hududida 5 ta qurilish tashkiloti loyiha doirasidagi ishlarni amalga oshirmoqda, - deydi hokim. – O‘zimizning Suv taraqqiyot qurilish pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar anchagina sifatli, yaxshi. Ammo “PMK-2” va xorijiy – Ozarbayjon, Xitoy hamda Shveysariyaning qurilish kompaniyalari bajarayotgan ishlar sust va sifatsiz. Biz loyiha bilan tanishganimizda quvur yotqizish uchun qazilgan chuqurliklarga elangan tuproq to‘kilishi kerak edi. Quvur yotqizilgach, ustidan yana shunday tuproq bilan ko‘milishi lozim. Lekin bu ishlar ko‘ngildagidek bajarilmagan. Bu bo‘yicha viloyat hokimligiga, viloyat hokimi orqali Suv xo‘jaligi vazirligiga murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmayapti. Agar bu ishlar jiddiy nazoratga olinmasa, kelajakda yana aholimizning qariyb 30 foizi suv bilan ta’minlanmasdan qoladi.

 To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.