Qo‘shrabot maktablarning barchasida isitish tizimlari ishga tushdi
Telegram kanalimiz va saytimizda e’lon qilingan “Qo‘shrabot maktablariga ko‘mir tarqatilgan, ammo sinflar sovuq” nomli maqola yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi javob yo‘lladi.
Unda shunday deyiladii:
Qo‘shrabot tumanida 88 ta umumta’lim maktabining 5 tasi gazlashtirilgan, qolgan 83 tasi ko‘mir bilan isitiladi. 58 ta maktabda isitish qozonlariga mo‘ri uchun azbest quvurlar o‘rnatilgan bo‘lib, qolgan maktablarda ham tunuka quvurlarni bosqichma-bosqich azbest quvurlariga almashtirish rejalashtirilgan.
Kuz-qish mavsumi uchun 3300 tonna ko‘mir zaxiralari yaratilgan va qo‘shimcha yana 920 tonna ko‘mir berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumki, bu yil salqin kunlar erta boshlanganligi bois viloyat hokimining hududda ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turar joy binolarini isitish mavsumi 2022 yilning 24 oktyabr kunidan boshlanishi to‘g‘risida farmoyishi e’lon qilindi. Shunga asosan, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining buyrug‘i tayyorlandi va telegram guruhlari orqali tumanlarga yetkazildi. O‘rganishlar davomida, Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan isitish mavsumiga o‘tish bo‘yicha e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan barcha mas’ullarning tushuntirish xatlari olindi va tuman xalq ta’limi ekspulatatsiya bo‘limi boshlig‘i U.Zoirovga va bo‘limning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi A.Fozilovga intizomiy “Hayfsan” chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, ishga bo‘lgan sovuqqonligi uchun Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri X.Xoliqulov viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan qat’iy ogohlantirildi.
Ayni paytda tumandagi barcha maktablarning isitish tizimlari ishga tushgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.