Qo‘shrabotning Urganji mahallasida “Inson qadri uchun!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi

Ikki kun oldin 16 noyabrdan yurtimizda ob-havo keskin sovushi, shamol va yog‘ingarchilik bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, Urganjida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xayrli tadbirlar boshqa kunga qoldirilmadi.

Mahallada mehmonlarni kutib olish, kun davomida turli uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, madaniy dasturlar o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘rildi.

Viloyatdagi mutasaddi idoralar, tashkilot va muassasalar vakillari, Oqchobsoy, Yangi qishloq, O‘rtasoy, Jonbuloq mahallalari ahli erta tongdan Urganjida jam bo‘ldi.

Dastlab ayni paytda yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Urganji va Oqchobsoy mahallalarida jami 20 gektar qaqrab yotgan dashtda "Yoshlar bog‘i" yaratishga kirishildi. Keng jamoatchilik, mahallalar aholisi ushbu hududlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.

Viloyat hokimi va sektor rahbarlari ham bu jarayonda ishtirok etdi.

Shundan so‘ng mahalladagi 36-umumta’lim maktabida tumandagi ta’lim muassasalarining ko‘rgazmalari, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida ijodiy kecha, jahon va Osiyo chempionlari bo‘lgan sportchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Elimiz ardog‘idagi san’atkorlarning konsert dasturi, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Milliy xalq o‘yinlari, sport musobaqalari uyushtirildi. Hududdagi besh mahalla aholisi viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiy markazlar shifokorlari va malakali mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, 130 dan ortiq ish o‘rinlari taklif etildi.

– Avvalo, olis hududda joylashgan bizning mahallamizga bugun viloyat tashkilotlari rahbarlari, faollar, poytaxtimiz va Samarqand shahridan ardoqli san’atkorlar, shoir va yozuvchilar kelganidan xursandmiz, – deydi Urganji mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolboy Mardiyev. – Kechadan buyon hududimizdagi mahallalar aholisi uchun o‘tkazilayotgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, yoshlar bandligini ta’minlash uchun yerlar o‘zlashtirilib, bog‘ yaratilishi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishi “Inson qadri uchun” degan tamoyilning amaliy ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin. Buning uchun tashkilotchilardan minnatdormiz.

Tadbirlar doirasida viloyat hokimi E.Turdimov mahallalar yoshlari va faollar, fuqarolar yig‘inlarida yangidan tayinlanayotgan hokim yordamchilari bilan uchrashib, ularning taklif va muammolarini eshitdi. Hudud aholisi turmush darajasini oshirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtaldi.

Ha, darvoqe, Urganjida bugun kun davomida quyoshli ob-havo kuzatildi va ezgu niyatda tashkil etilgan tadbirlar yuksak saviyada o‘tkazildi.

“Inson qadri uchun!” shiori ostidagi tadbirlar Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on va boshqa tumanlardagi olis qishloqlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.