Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda

Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlar Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov tomonidan Samarqand xalqaro aeroporti tantanali kutib olindi. Viloyat hokimi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov hamrohligida mehmonlar dastlab Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Shundan so‘ng mehmonlar Imom Buxoriy majmuasida bo‘lib, buyuk muhaddis hayoti va ilmiy merosi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Delegatsiya kunning birinchi yarmida Amir Temur maqbarasida ham bo‘lib, Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid manbalar haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin Imom Buxoriy majmuasi va Amir Temur maqbaralarida mahalliy sayyohlar bilan suhbatda bo‘lib, tashrifning maqsadi mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ekanligini ta’kidladi.

Tashrif davom etmoqda.

Alisher ISROILOV.