Qozog‘iston TIV Samarqandda sayyohlarga elektroshoker qo‘llanilganiga munosabat bildirdi
21 may kuni Samarqandda IIB xodimlari tungi paytda sayyohlarga qo‘pol muomalada bo‘lib, kuch ishlatgani xabar berilgandi. Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Aybek Smadiyarov hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik vaziyatga oydinlik kiritish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonga rasmiy murojaat yo‘llagan. Departament qozog‘istonlik sayyohlarga nisbatan elektroshoker qo‘llanilgani videosini o‘rganib chiqqan.
«O‘zbekiston jamiyatining o‘zi huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatini qoralamoqda. Shunga qaramay, biz vaziyatni nazoratda ushlab turibmiz», — degan TIV vakili.
Shuningdek, u Qozog‘iston O‘zbekistondagi hodisa bo‘yicha ichki tergovni kuzatishi, jarayonga aralashmasligi va qozog‘istonlik fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan qism kuzatuv ostida bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 maydan 21 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand shahar IIB patrul-post xizmati xodimlari tungi faoliyatini olib borgan. Ular Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida qozog‘istonlik sayyohlarni shaxsini tekshirish jarayonida ularga qo‘pol munosabatda bo‘lib, xizmat vazifasini va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilgan. Jumladan, sayyohlarga elektroshoker qo‘llagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, qonunchilikka zid harakat qilgan barcha xodimlarning hamda faoliyatga mas’ul rahbarlarining xizmatdan bo‘shatilishi va javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.