Qozog‘iston uchib keladigan parvozlar bo‘yicha amaldagi cheklovlarni e’lon qildi

Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligi mamlakatga uchib keladigan parvozlar bo‘yicha amaldagi cheklovlarni e’lon qildi.

«Qozog‘iston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2020 yil 15 avgustdagi 48-sonli qaroriga binoan muntazam xalqaro qatnovlar uchun bir qator cheklov choralari o‘z kuchida qolmoqda.

Xususan, birinchi toifaga kiritilgan Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gruziya, Tailand, Vengriya, Hindiston, Germaniya, Chexiya, Malayziya, BAA, Belarus, Turkiya, Misr, Ukraina, Niderlandiya va Rossiyadan kelganlar termometriya va so‘rovnomalardan o‘tadi.

Ikkinchi toifadagi Polsha, O‘zbekiston, Tojikistondan kelganlar termometriya va savolnomadan o‘tadi. Shuningdek, ushbu mamlakatlar fuqarolari so‘nggi 5 kun ichida topshirgan PZR testi natijalari manfiy bo‘lgan taqdirdagina Qozog‘istonga cheklovsiz kira olishadi. Sertifikat bo‘lmagan taqdirda, kelgan kundan boshlab 48 soat ichida laboratoriya sinovlari topshiradi yoki 14 kun davomida karantinda bo‘ladi.

Ayni paytda birinchi va ikkinchi toifadagi mamlakatlardan tashqari barcha mamlakatlar bilan muntazam parvozlar taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston bilan muntazam aviaqatnovlar rasman tiklangani haqida xabar bergan edik.