Qozog‘istonda 55 nafar o‘zbek migrantlarini olib ketayotgan avtobus buzilib qolgan
Joriy yil 20 noyabr kuni “Samara-Chimkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va ichida 57 nafar odam, jumladan, 55 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati Xromtau tumani hududida texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Bu haqda O‘zbekiston TIV Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonadan olingan xabar asosida ma’lum qildi.
O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha viloyat departamenti yordamida issiq joyga evakuatsiya qilingan.
"Ular orasida tibbiy yordamga muhtojlar mavjud emas. Sovuq ob-havoga qaramay, avtobusda yoz uchun mo‘ljallangan yonilg‘idan foydalanilgani va u muzlab qolgani nosozlikka sabab bo‘lgan. Ayni paytda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning Aqtaudagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga olganligi aytilmoqda.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida, qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligi haqida ogohlantirigan.