Qozog‘istonda alohidalash qoidalari bosqichma-bosqich yengillashtiriladi

Qozog‘iston koronavirus pandemiyasi oqibatida joriy etilgan alohidalashni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rgan holda bosqichma-bosqich yengillashtiradi. Bu haqda 21 aprel kuni mamlakat Bosh vaziri Askar Mamin ma’lum qildi.

Bugungi kungacha Qozog‘istonda 1949 nafar koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati qayd etilgan. Ulardan 19 nafari vafot etgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev mamlakatga 16 martda kiritilgan favqulodda vaziyat holatini aprel oyining oxirigacha uzaytirgan edi. Nur-Sulton, Olma-Ota va Chimkent shaharlarida joriy etilgan alohidalash ham shu vaqtgacha davom etadi.

“20 apreldan boshlab Nur-Sulton va Olma-Otada karantin rejimi yengillashtirildi. Sanoat korxonalari, qurilish ishlari va bir qator hizmat ko‘rsatish turlari faoliyati tiklandi. Ular o‘z faoliyatini boshladilar. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, biz karantin rejimini yengillatishda davom etamiz, boshqa korxona va biznes sub’yektlariga ham ishlashga ruhsat beramiz”, dedi Mamin hukumat yig‘ilishida.

Shu bilan birga, Mamin xuddi shunday ishlar mamlakatning boshqa hududlarida ham amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Bu ishlarni barchasi sanitariya-epidemiologik xavfsizlik qoidalariga amal qilingan taqdirdagina amalga oshirish imkoni mavjudligini alohida ta’kidladi Mamin.