Qozog‘istonda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari huquqlari himoya qilinadi
17 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston bilan mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Mehnat vazirligi ma’lum qildi.
Ratifikatsiya Qozog‘istonda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik hamda O‘zbekistonda ishlayotgan qozog‘istonlik mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilishni ko‘zda tutadi. Xususan, migrantlar mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan tan jarohati olganda, kasb kasalligini orttirganda yoki faoliyati natijasida sog‘liqqa qandaydir zarar yetkazilganda, bepul tibbiy yordam kafolatlanadi. Shuningdek, xodimga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya ham beriladi.
Bitimda pedagogik, tibbiy yoki farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanayotgan mehnat muhojirlarining tegishli ma’lumotga ega ekanini tasdiqlovchi hujjatlarini tan olish, pensiya va ijtimoiy ta’minot olish kabi masalalar ham ko‘zda tutilgan.
Xabarda qayd etilishicha, ushbu hujjatda ikki davlat hududlarida migratsiya oqimini tartibga solish va noqonuniy mehnatning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.