Qurbon hayitiga qurbonlik keltirish qoidalari

Har yili Qurbon hayiti kuni butun dunyo musulmonlaridan o‘ziga to‘q kishilar hayit kuniga eson-omon yetkazgani va boshqa barcha zohiriy va botiniy ne’matlari uchun Yaratganga shukrona tarzida qon chiqarib, jonliq so‘yadi.

Unga ko‘ra, qurbonlik uchun chorva hayvonlari so‘yiladi, tuya, sigir, qo‘y va echkilar qurbonlikka yaroqli hayvonlar hisoblanadi.

Qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor qurbonlik yoshiga yetgan bo‘lishi shart. Tuya, sigir va echkidan faqat «saniy» va undan yuqori yoshda bo‘lganlarigina qurbonlikka yaroqli hisoblanadi. Qo‘ydan esa «jaza’» va undan yuqorisi qurbonlikka o‘tadi. Demak, tuyaning «saniy»si deb tug‘ilganiga besh yil to‘lgani aytiladi. Sigir va buqaning «saniy»si esa tug‘ilganiga ikki yil to‘lgani bo‘ladi. Qo‘y va echki esa bir yilda «saniy» bo‘ladi. Qo‘ydan «jaza’» bo‘lgani tug‘ilganiga olti oy to‘lib, yettinchi oy ketganidir.

Ulamolar quyidagi sifatga ega bo‘lgan jonivorlarning qurbonlikka yaramasligini aytadi:

1. Shapko‘r jonivor.

2. Ko‘zi ko‘r jonivor.

3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajada oqsoq jonivor.

4. Bir oyog‘i kesilgan jonivor.

5. Kasalligi ko‘rinib turgan kasal jonivor. Qo‘tir bo‘lgan yoki badaniga yara toshgan jonivor ham shu jumladandir. Chunki, bunday kasalliklar jonivorning xilqatiga ta’sir qiladi, semirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

6. Oyoqda turolmaydigan darajada qiltomoq bo‘lib qolgan majolsiz jonivor.

7. Qulog‘ining hammasi yoki bir qismi kesilgan jonivor.

8. Qulog‘i teshilgan yoki quloq suprasi o‘rtasidan kesilib, yoriq paydo qilingan jonivor.

9. Belgi uchun qulog‘i teshib qo‘yilgan jonivor.

10. Shoxi kesib yoki sug‘urib olingan jonivor. Ammo o‘zi shoxsiz tug‘ilgan bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi.

11. Burni kesib olingan jonivor.

12. Dumi kesib tashlangan jonivor. Ammo o‘zi dumsiz yaratilgan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz, garchi ayrim ulamolar buni nojoiz sanagan bo‘lsalar ham.

13. Dumbasi kesib olingan jonivor.

Qurbonlik qilish vaqti zulhijja oyining o‘ninchi, o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlaridir. Ya’ni hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlarida amalga oshirish lozim. Ammo zulhijjaning o‘ninchi kuni ya’ni hayitning birinchi kuni so‘yishning fazilati ko‘proq. Shu kunlar orasida kechayu kunduz qurbonlik so‘yish mumkin. Ammo kechasi so‘yish makruh. O‘n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan qurbonlikning vaqti o‘tgan hisoblanadi va bunday holda qurbonlikka atalgan, ammo biror sabab bilan so‘yilmay qolgan hayvon tirikligicha sadaqa qilib yuboriladi.

Qurbonlik voyaga yetgan, es-hushli musulmon tomonidan so‘yilishi kerak. Bo‘g‘izlash bo‘yin arteriyalari va boshga yaqin qizilo‘ngachni kesishdan iborat. Qonning asosiy qismi oqib ketgach, go‘shtni nimtalash mumkin.

Qurbonlikni so‘yishda bir hayvonni ikkinchisi yonida bo‘g‘izlash, o‘tmas asbob bilan so‘yib, jonivorga azob keltirish, so‘yishda ishlatiladigan asboblarni qurbonlikning ko‘z oldida charxlash taqiqlanadi.