Qurbonlik go‘shtini ulashish – eng maqbul amal

Ertaga - Qurbon hayiti. Bu sana musulmonlar uchun o‘zgacha bayram hisoblanadi. Chunki, bu kunlar takbiri tashriqlar aytish, qurbonliklar keltirish, iyd namozlarini ado etish va haj mavsumi bilan ajralib turadi.

Afsuski, ikki yildan buyon pandemiya tufayli haj ibodatini ado etish imkoniyati bo‘lmayapti. Har bir ish Yaratganning irodasi bilan bo‘ladi. Sabr qilib, Alloh taolodan bu kasallik bartaraf bo‘lishini so‘rasak inshoalloh kelgusi yillarda albatta muborak safarlarni ado etish uchun yo‘llar ochiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining shu yil 16 iyuldagi fatvosiga ko‘ra, Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi. Uning o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etildi.

Qurbonlikni hayit kunlari (uch kun davomida) qilsa bo‘ladi. Ammo, eng afzali birinchi hayit kuni qilinmog‘idir. Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, qo‘tos, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa bo‘ladi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

Jumladan, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musinnadan boshqani so‘ymanglar. Faqat sizga qiyin bo‘lib qolgandagina qo‘yning jaza’asini so‘ysangiz bo‘lur», deganlari rivoyat qilingan (Muslim, Abu Dovud va Nasaiylar rivoyati).

Hadisi sharifdagi «musinna» tuyadan bo‘lsa, besh yoshli, qoramoldan bo‘lsa, ikki yoshli, qo‘y-echkidan bo‘lsa, bir yoshli bo‘lganidir.

«Jaza’a» Abu Hanifa rahmatullohi alayhining aytishlaricha, qo‘y-echkining olti oyligidir.

Demak, imkoni bor odam kamida bir yoshli qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi kerak. Agar kambag‘alligi tufayli, qo‘li qisqalik qilib, bir yoshli qo‘y yo echkining ilojini topa olmasa, olti oylik bo‘lsa ham, kifoya qiladi.

Tuya va qoramol qurbonlik qilinadigan bo‘lsa, ulardan har biriga yetti kishi sherik bo‘lishi mumkin.

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas – g‘ilayligi ochiq-oydin hayvon, bemorligi ochiq-oydin hayvon, cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon va miyasi chatoq hayvon, dedilar».

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qulog‘i kesik va shoxi siniqlarni qurbonlik qilishdan qaytardilar».

Hanafiy mazhabi ulamolari qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim (ya’ni musofir kishiga qurbonlik qilish vojib emas) va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi, deganlar.

Qurbonlik go‘shti avvalo, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, beva-bechoralar va ehtiyojmand oilalarga tarqatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu amalimiz, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida xonadonga odamlarni to‘plab, dasturxon yozgandan ko‘ra, eng maqbul hisoblanadi.

Alloh barcha mo‘min musulmonlarning qurbonliklarini qabul aylasin!

Zayniddin Eshonqulov,

viloyat bosh imom-xatibi.