“Qurilish jarayonlari nazoratga olingan”: Inspeksiya Samarqand shahridagi qurilish yuzasidan murojaatga munosabat bildirdi
Avvalroq Samarqand shahar Xo‘ja Ahror Vali mahallasi yashovchi fuqaro yashash hududidagi qurilish talablariga rioya etilmasdan barpo etilayotgan bino masalasida murojaat etgandi. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi murojaat yuzasidan munosabat bildirdi.
“Samarqand shahri Xo‘ja Axror Vali ko‘chasi 23-manzilda “Xursheda tibbiyot va tashxis” MChJ tomonidan tibbiyot instituti va tibbiyot punkti qurilmoqda. Viloyat sobiq narkologiya dispanseri binosi rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha bino qurish uchun Samarqand shahar qurilish bo‘limi tomonidan MChJga 2019 yil 15 martda ruxsatnoma berilgan. Samarqand viloyati qurilish Bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 1 aprelda arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) ishlab chiqilgan.
«Arx-Dizayn» MChJ loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari viloyat qurilish Bosh boshqarmasi huzuridagi “Arxitektura-shaharsozlik kengashi”da ko‘rib chiqilgan va 2019 yil 20 sentyabr yig‘ilish bayoni bilan ma’qullangan. Shuningdek, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi“ DUK tomonidan yig‘ma ekspertiza ijobiy xulosalari olingan.
«Arx-Dizayn» MChJ loyiha tashkiloti tomonidan 4 qavatli mansardali qilib loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan va ijobiy ekspertiza xulosasi olingan. Joyida 4 qavat mansardali qilib qurilish ishlari bajarilgan.
“Xursheda tibbiyot va tashxis” MChJ tomonidan qurilgan 4 qavatli mansardali bino va fuqarolarning 1 qavatli turar-joy binolari o‘rtasidagi masofa shaharsozlik norma qoidalariga mosligi, fuqarolarning hovlisi MChJ binosining qavatlaridan yaqqol ko‘rinmasligi aniqlandi.
2021 yil 20 oktyabr oyida viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi qurilish ishlarini boshlash to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor qilgan.
Ushbu qurilish ob’yektiga belgilangan tartibda amaldagi qununlarga asosan shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilgach ob’yektda qurilish rekonstruksiya ishlari olib borilgan. Qurilish ishlari amalga oshirilishi viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda nazoratga olingan”, deyiladi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi munosabatida.