Qurilishdagi ko‘zbo‘yamachiliklar tugaydimi?
- Bino qurilishi ishlarida sifatsiz, eng arzon mahsulotlardan foydalanilgan;
- nosoz yoritish chiroqlari, xonalarga sifatsiz jihozlar o‘rnatilgan;
- binoning tashqi fasad qismlari ko‘chib ketgan;
- xonalarning poli yaroqsiz, hovli yo‘laklari betoni hali bino foydalanishga topshirilmasdan burun to‘kilishni boshlagan.
Bu qurilish ishlari bilan bog‘liq ko‘pchilikka tanish masalalar.
Keyingi yillarda barpo etilayotgan bino va inshootlar – ijtimoiy soha ob’yektlari, namunaviy loyiha asosida qurilayotgan, hatto ko‘p qavatli uy-joylarning aksariyatida yuqorida ta’kidlangan muammo va kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.
Jumladan, xuddi shunday salbiy holatlar “Binokor suv qurilish” MChJ (rahbari Rashid Abdullayev) tomonidan barpo etilayotgan Yuqori Jo‘sh MFY binosi qurilishida ham sodir bo‘lmoqda.
Shartnomaga asosan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi tomonidan Injiniring kompaniyasiga ushbu mahalla binosini qurish uchun 700,0 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan bo‘lsa-da, pudratchi tashkilot “Binokor suv qurilish” MChJ korxonasi tomonidan haligacha qurilish ishlari tugatilmagan. Isitish, suv, elektr energiyasi tizimlari ulanmagan, qurilish ishlari butkul sifatsiz bajarilgan.
Buyurtmachi hamda pudratchi tomonidan joriy yilning may oyida imzolangan shartnomada Yuqori Jo‘sh mahallasi binosining qurilish ishlari 120 kun muddatda yakunlanishi belgilangan. Oradan yetti oy o‘tdi hamki, haligacha ob’yektning qurilish ishlari to‘liq yakunlanmagan.
Bugun fuqarolar yig‘inlarini bino bilan ta’minlash, ularga shart-sharoit yaratib berish masalasi mahallalar kengashi hamda fuqarolar yig‘inlarini qiynab kelayotgan eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turgan bir vaziyatda quruvchining bunday ko‘zbuyamachilik qilishi insofdanmi?
Qurilish-ta’mirlash ishlari sifatini nazorat qiluvchi tashkilotlar, hokimlik ushbu masalalarga qachongacha parda ortidan qaraydi?
A.BAXTIYoROV.