Quruvchi shartnoma shartlarini buzdi — uyni o‘z vaqtida topshirmadi

2021 yilda Samarqand shahrida yangi qurilishi boshlangan uylardan boshlang‘ich 30 foiz badalini to‘lab, ikki yil muddatga muddatli to‘lov asosida xonadon sotib olgan edim. Ammo uy, mana, ikki yildan oshdi hamki haliyam qurib bitkazilgani yo‘q. Shartnoma shartlariga ko‘ra, shu yil iyul oyida topshirilishi kerak edi. Endi shartnomani buzib, pulimni qaytarib olmoqchiman. Buning uchun qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

E.Toshturdiyev,

Past Darg‘om tumani.

Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.

Ushbu kodeksning 244-moddasiga asosan agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur kodeksning 382-moddasiga asosan agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

- ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

- ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yoxud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi.

Shulardan kelib chiqib, siz mazkur holatda ko‘rgan zararni (pulingizni) undirish maqsadida fuqarolik sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.