Ramazon oyida Samarqand viloyatidan 230 kishi Umra ziyoratiga boradi

Keyingi paytda muqaddas Haj va Umra ziyoratlarini ado etishda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ziyoratga borish istagida bo‘lgan mo‘min-musulmonlarga bunday yangiliklar muborak amalni bajarishlarida ancha qulaylik yaratyapti. Ayniqsa, Umra ziyorati uchun belgilangan kvota miqdorining bekor qilingani sabab muborak safarga borish istagida bo‘lganlar safi kengaydi. Mazkur ziyoratlar haqida ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov bilan suhbatlashdik.

- Bugungi kunda viloyatimizdan muborak ziyoratga borish istagi bilan murojaat qilgan fuqarolarimiz juda ko‘pchilikni tashkil qiladi, - deydi Z.Eshonqulov. - Ularni navbati bilan har o‘n kunda Umra safariga jo‘natyapmiz. Shu oyning o‘zida 182 kishi Saudiya Arabistoniga borib keldi. 28 aprel kuni yana 140 ga yaqin samarqandliklar muqaddas ziyoratga yo‘l oladi. Shuningdek, Ramazon oyida 230 kishining Makkaga borib qaytishi rejalashtirilgan.  

- Haj va Umra ziyoratlariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarning ko‘pchiligi kimga murojaat qilishni bilmay yurgan holatlar kuzatilyapti.

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi qarori bilan Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Haj tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Umra esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Ziyoratga borish uchun ariza beruvchi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza hamda fuqarolik pasporti nusxasini taqdim etishi lozim. Aholidan tushgan arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo‘yib boriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizani qabul qilib olgandan so‘ng ariza beruvchiga tegishli ma’lumotnoma berishi shart.

Ziyorat bilan bog‘liq barcha shart-sharoitlar (ziyorat to‘lovlari, shartlari va muddati) haqida ziyoratchilarga Haj tadbiri boshlanishidan kamida 1 oy, Umra tadbiri boshlanishidan kamida 14 kun oldin ma’lum qilinadi. Darvoqe, ziyoratchilarning har biri Samarqand shahridagi 1-son poliklinikadan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

- Muqaddas ziyoratga borish istagida bo‘lganlarga qanday talablar qo‘yiladi?

- Hajga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar moddiy va jismoniy jihatdan Haj tadbiriga qodir bo‘lishi hamda Haj amallarini to‘g‘ri, to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodlardan ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi, shu bilan birga, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi talab qilinadi.

- Ziyoratga kimlar boradi va ishchi guruhlar tomonidan o‘rganib chiqiladimi?

- Ziyoratga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar voyaga yetgan bo‘lishi shart. Shuningdek, 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar mahrami bilan birga borishi talab qilinadi.

Haj tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat ishchi guruh tuziladi.

Ishchi guruh tarkibiga tuman bosh imomi, mahallaga biriktirilgan imom, mahalla raisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi vakillari kiritiladi.

- Haj va Umra ziyoratiga borish to‘lovlariga to‘xtalsangiz.

- 2019 yilgi Haj mavsumi uchun to‘lanadigan mablag‘ 33 million 300 ming so‘m qilib belgilandi. Shu vaqtga qadar Haj ziyoratiga borish 38 million so‘mni tashkil qilardi. Umra safariga bormoqchi bo‘lgan har bir fuqaro uchun to‘lanadigan mablag‘ ilgari 13 million 600 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda 11 million 600 ming so‘m to‘lab ziyoratga borish mumkin.

Ushbu to‘lovlar ichiga hamma xarajatlar kiritilgan. Bo‘lajak hojilarga Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, o‘zbek oshpazlari tomonidan tayyorlanadigan taomlar, 24 soatlik bepul tibbiy xizmat, O‘zbekiston ramzlari tushirilgan maxsus libos, ibodat qo‘llanmasi, beyjik, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Abdujabbor PO‘LATOV

suhbatlashdi.