Ravonakliklarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazilmoqda
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali “Samarqandtumangaz” bo‘limi Zarnews.uz saytining joriy yilning 22 iyulida e’lon qilingan tumanning Ravonak mahallasida yashovchi fuqarolarning suyultirilgan gaz ta’minoti muammolari bo‘yicha qilgan murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi: mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi tufayli e’lon qilingan karantin bois, aholidan yig‘ib olinadigan va tarqatiladigan gaz ballonlarining dezinfeksiya qilinishi va boshqa bir qator omillar evaziga Samarqand viloyatining ayrim hududlariga suyultirilgan gaz ballonlarini tasdiqlangan reja-grafigi asosida yetkazishda biroz kechikishlar bo‘lmoqda.
Ammo bu muammolar mutasaddilar tomonidan tezda bartaraf etishga erishilyapti. Ravonak mahallasida 1033 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari bor. Joriy yilning 27, 28, 30 iyul hamda mamlakatimizda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan dam olish kunlari bo‘lishiga qaramasdan 1 avgust kuni mahalladagi 921 xonadonga jami 18 420 kilogramm suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar karantin qoidalariga rioya qilgan holda yetkazib berildi.
Mahalladagi qolgan iste’molchilar bugun, 2 avgust kuni suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar bilan to‘liq ta’minlanadi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.