Respublika Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari M.Jo‘rayev Samarqand viloyatida sayyor qabul o‘tkazadi
Fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, ularning muammolarini o‘rganib, joyida bartaraf etish maqsadida, joriy yilning 30-31 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Jo‘rayev Muhiddin O‘tkirovich rahbarligida Samarqand viloyatida 2 kun vazirlik rahbariyati tomonidan fuqarolarni qabul qilish belgilangan, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.
30 mart kuni soat 10.00 dan 18.00 ga qadar Samarqand shahar, Samarqand, Pastdarg‘om, Payariq, Oqdaryo, Jomboy, Bulung‘ur, Tayloq, Urgut tumanlari aholisi ishtirokida Samarqand shahri Ro‘dakiy ko‘chasi 237-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat universiteti qoshidagi Akademik litsey binosida;
31 mart kuni soat 10.00 dan 18.00 ga qadar Kattaqo‘rg‘on shahar, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Qo‘shrabod, Ishtixon, Narpay, Paxtachi tumanlari aholisi ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahri A.Navoiy ko‘chasi 106-uy manzilida joylashgan “Majidiy” nomli drama teatri binosida qabullar tashkillashtirilgan.
Eslatma: Siz har qanday o‘zingizni qiziqtirgan masalalarda Davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ariza, taklif, shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga egasiz.