Respublikamizning chekka tumanlaridagi MTMlar birinchi navbatda rivojlantiruvchi materiallar bilan ta’minlanadi

Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim vazirligi saytida xabar berilishicha, ilk bor respublikadagi barcha maktabgacha taʼlim muassasalariga rivojlantiruvchi bosma materiallar bepul taqdim etiladi.

Oʻquv-uslubiy toʻplam tarkibiga husnixat daftarlari, mavzuga oid rejalashtirish boʻyicha jurnallar, bolalarning turli yoshdagi guruhlari uchun kartochka va plakatlar kiradi.

2018 yil dekabr oyi oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi poytaxtimiz va boshqa hududlardagi maktabgacha taʼlim muassasalarini oʻzbek va rus tillaridagi bepul bosma materiallari bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli dasturni boshladi. Loyihaga jalb etilgan investitsiyalar miqdori 8 mlrd. soʻmni tashkil etdi. 2019 yilning yanvar oyi yakuniga qadar maktabgacha taʼlim muassasalariga 270 mingta husnixat uchun daftarlar, 18 mingta kartochkalar toʻplamlari, 10 mingta plakatlar toʻplami yetkazib beriladi. Tarbiyachilarga bolalar bilan mashgʻulotlarni tashkil etishi uchun mavzuga oid rejalashtirish boʻyicha jurnallar taqdim etiladi.

“Ishlab chiqarilgan bosma mahsulot respublikaning barcha maktabgacha taʼlim muassasalariga yetkazib beriladi. Kartochkalarning bir toʻplami mebel, kiyim-bosh, hayvonot olami, transport, sabzavotlar, boʻgʻinlar, raqamlar va boshqa turli mavzulardagi 27ta kichik toʻplamlardan iborat. Oʻxshash tartibda plakatlar toʻplami ham yigʻilgan boʻlib, u cholgʻu asboblari, yoʻl harakati qoidalari, kasblar, yil fasllari kabi va boshqamavzuga oid 20ta plakatlar toʻplamini oʻz ichiga oladi. Respublikaning har bir maktabgacha taʼlim muassasasiga uning kattaligiga bogʻliq holda 1 dan 3 tagacha toʻplamlar ajratib beriladi, bu esa guruhlar oʻrtasida kichik toʻplamlarning vaqti-vaqti bilan almashinishi sharti bilan 100 foiz bolalarni rivojlantiruvchi bosma mahsulot bilan taʼminlab beradi. Maktabgacha taʼlim muassasasining har bir 6 yoshli tarbiyalanuvchisi husnixatga ega boʻladi. Maktabgacha taʼlim vazirligi taʼkidlashicha, ota-onalar shuni yodda tutishi kerakki, barcha materiallar bepul asosda taqdim etiladi. Maktabgacha taʼlim muassasasi maʼmuriyati tomonidan suiisteʼmollik holatlariga yoʻl qoʻyilgan holda, bu haqda quyidagi telefon raqami orqali xabar berishingizni soʻraymiz: +99871 215-52-79”, — deydi Maktabgacha taʼlim vazirligi Sifat nazorati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Vitaliy Kim.

Foto: Maktabgacha taʼlim vazirligi

Birinchi navbatda, respublikaning qishloq hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalari bosma materiallar bilan taʼminlanib, ushbu holat ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash imkonini beradi. Viloyatlardagi maktabgacha taʼlim muassasalariga husnixatlarning 83 foizi, plakatlarning 90 foizi va rivojlantiruvchi kartochkalarning 89 foizi yetkazib beriladi. Qoʻllanmalar mayda motorikani, eʼtiborni, fikrlash va tasavvur etishni rivojlantirish uchun moʻljallangan vazifalardan, shuningdek, bolaning qoʻlini xatga tayyorlovchi anʼanaviy mashqlardan va mantiqiy vazifalardan iborat. Oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi rang-barang kartochkalar bilish jarayonlarini faollashtirishga hamda bardosh, toqat, yuqori natijalarga erishishga intilish hissiyotlarini kuchaytirishga yordam beradi.

Kelgusi yilda maktabgacha taʼlim muassasalari uchun bosma mahsulot va oʻyinchoqlarni ishlab chiqarishga 25 mlrd. soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.

Manba: Xabar.uz