Reyd tadbirlarida noqonuniy dorixona va dorifurushlar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda

Bugungi pandemiya sharoitida aholini sifatli dori-darmon va boshqa tibbiy vositalar bilan ta’minlashga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan dorixonalarda narxlarning barqarorligini ta’minlash borasida muntazam tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. O‘z navbatida tezkor tadbirlar orqali noqonuniy dori savdosi bilan bog‘liq harakatlar fosh etilmoqda.

Ana shunday reyd tadbiridan biri Qo‘shrabot tumanida o‘tkazildi. Unda Habiba Qalandarova (ism, familiyalar shartli) o‘z uyining yordamchi xo‘jalik xonasida noqonuniy ravishda dorixona tashkil etganligi aniqlandi. Tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan, litsenziyasiz faoliyat olib borayotgan mazkur “dorixona”da 106 turdagi, jumladan “Sovid-19” kasalligiga qarshi kurashishda foydalaniladigan 10 turdagi 3 million 700 ming so‘mlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashovchi Jasur Karimov ko‘hna kentning Gagarin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy hovlisida noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi. U ijtimoiy tarmoq orqali buyurtma asosida yetkazib berilgan chakana bahosi 300 ming so‘m bo‘lgan “Kleksan-4000” dori vositasini qimmat narxda, ya’ni qutisini 1 million 200 ming so‘mdan, jami 27 quti dori vositasini 32 million 400 ming so‘mga sotgan vaqtda xolislar ishtirokida ushlangan.

J.Karimovdan noqonuniy sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan “Sovid-19” kasalligiga qarshi kurashishda foydalanishga tavsiya qilingan 99 quti, qiymati 40 million 600 ming so‘mlik “Kleksan-4000”, “Kleksan-2000” va “Imudon” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida masala qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtincha olib qo‘yilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi axborot xizmati.