"Rospotrebnadzor" Rossiyadagi OITV ga chalinganlar haqida umumiy ma’lumot berdi
Rossiyada bugun rasmiy ro‘yxatga olingan OITV yuqtirganlar million nafarga yetgan. Norasmiy ravishda esa mamlakatda 1.5-2 million OITV yuqtirgan kishilar bor.
25 foizga yaqin rossiyalik OITV yuqtirgan bemorlar o‘zining kasalligi haqida bilmaydi.
Bu haqda "Rospotrebnadzor" matbuot xizmati 8 may kuni ma’lum qildi.
OITV bilan kasallangan bemorlarning 40 foizi byudjet mablag‘lari tomonidan qoplanadigan bepul terapiya kursini olmaydi.
Bu esa OITVning yanada kengroq tarqalishiga sabab bo‘lmoqda", deyiladi xabarda.
Bugungi kungacha dunyoda 35 million kishi OITV yuqtirishi oqibatida halok bo‘lgan.
BMTning ayni shu masaladagi hisobotida keltirilishicha, bugun dunyoda ro‘yxatga olingan OITV yuqtirganlar soni 37 million kishi atrofida. Mutaxassislarning fikricha, hali o‘zini kasalligini bilmay yoki turli sabablarga ko‘ra kasalligini yashirib yurganlar soni bundan bir necha barobar ko‘p.
Rossiya ushbu infeksiya aktiv tarqalayotgan hududlar sirasiga kiradi.
"Umuman olganda ko‘pchilik rossiyaliklarning OITV qanday tarqalishi haqida aniq tushunchasi yo‘q. Rossiyaliklarning 11 foizi bu virus ovqatlanish va idishlar orqali yuqishi mumkin deb o‘ylaydi. Har olti rossiyalikdan biri esa bu virus chivin chaqishi orqali ham yuqadi deb o‘ylaydi. Shuning uchun ham biz call-markazlari tashkil etganmiz va fuqarolar 24 soat mobaynida OITV haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari mumkin", deyiladi "Rospotrebnadzor" xabarida.