Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Bugun 11 mart kuni, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, deya xabar berdi RIA Novosti.
383 nafar deputat qonun loyihasini ma’qullagan, qonun loyihasiga qarshi bo‘lganlar qayd etilmadi va 43 nafar deputat betaraflikni ma’qul ko‘rdi.
Hujjat quyi palataga 20 yanvar kuni taqdim etildi. Unda bayon etilgan takliflar konstitutsion tizim asoslarini, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, qonun loyihasiga yangi umumrossiya ovoz berish amaliyoti kiritilgan.
Qonun loyihasini Dumadan keyin Federal kengash (Rossiya parlamentining yuqori palatasi), undan keyin Qonunchilik kengashining uchdan ikki qismi ma’qullashi lozim. Keyin davlat rahbari imzo qo‘yadi va o‘zgarishlarni nashr etadi.
Dastlab, uchinchi modda kuchga kiradi. U prezidentdan o‘zgarishlarni Konstitutsion sudga yuborishni talab qiladi. Konstitutsion sud yetti kun ichida, yangi qonunda konstitutsiyaga amal qilingan yoki qilinmaganini aniqlaydi. Agar loyiha konstitutsiyaga zid deb topilsa, loyiha to‘xtatiladi.
Agar kiritilgan o‘zgarishlar konstitutsiyaga zid bo‘lmasa, ikkinchi modda kuchga kiradi. Unga ko‘ra, prezident asosiy qonunga kiritilgan o‘zgarishlar matni bo‘yicha umumrossiya ovoz berish amaliyotini tashkillashtiradi.
Davlat rahbari o‘z farmonida saylovga qo‘yilgan masalaga oydinlik kiritadi va saylov o‘tkazilish sanasini belgilaydi (farmon chiqqanidan so‘ng kamida 30 kundan keyin). Saylov kuni ish kuni bo‘lmagan sanaga belgilanadi. 18 yoshdan yuqori bo‘lgan, hibsda bo‘lmagan va aqli zaif bo‘lmagan har bir rossiyalik saylovda ishtirok etish huquqiga ega. Tashkiliy ishlar bilan Markaziy saylov komissiyasi (MSK) shug‘ullanadi va ishlarni davlat palatalari nazorat qiladi.
MSK besh kun ichida ovozlarni hisoblab chiqib e’lon qiladi. Agar saylovga kelganlarning yarmidan ko‘pi loyihani ma’qullagan bo‘lsa, yangilangan konstitutsiya natijalar e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.