Rossiya Federatsiyasi hukumati har bir bolaga 10 ming rubldan ijtimoiy mablag‘ to‘lashni tasdiqladi
Rossiya Federatsiyasi rahbariyati 12 may kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Putin buyrug‘iga asosan 3 yoshdan 16 yoshgacha farzandi bor oilalarga bir martallik ijtimoiy mablag‘ to‘lanishini tasdiqladi. Bu haqida Rossiya hukumatining saytida e’lon qilindi.
“3 yoshdan 16 yoshgacha farzandi bor rossiyaliklar (Rossiya fuqarolari), har bir farzand uchun, 1 iyun sanasidan boshlab 10 ming rubl qiymatidagi bir martalik to‘lov olishlari mumkin”, deyilgan hukumat qarori matnida.
To‘lovni olish uchun fuqarolar davlat xizmatlari portaliga elektron ariza yozishlari yoki yashash hududi bo‘yicha pensiya jamg‘armasi idorasiga o‘zlari tashrif buyurib ariza topshirishlari mumkin.
7 aprel kuni Rossiya Prezidenti koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan yosh bolasi bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ijtimoiy yordam berish haqidagi qarorni imzolagan edi. O‘shanda yosh bolali, ijtimoiy yordam olishga haqi bor oilalarga har oyda 5 ming rubldan to‘lov to‘lanishi belgilangan edi.