Rossiya neftdan olinadigan foydaning barchasini o‘z fuqarolariga bo‘lib berdi
Rossiya Moliya vazirligi iyul oyining boshida jami 555 milliard rubl (7 milliard 803 million AQSh dollar atrofida) mablag‘ni farzandi bor oilalarga ijtimoiy yordam sifatida ajratib berdi. Bu haqda vazirlik saytida ma’lum qilindi.
Ajratilgan mablag‘ miqdori mamlakatning ikkinchi chorak uchun neft va gaz savdosidan olgan foydasiga teng. Moliya vazirligi rahbari Anton Siluanovning so‘zlariga ko‘ra, pul mablag‘lari juda qisqa muddatda o‘z egalariga topshirilgan.
“Rossiya fuqarolari moddiy yordam olish uchun arizalar bilan murojat etishda davom etmoqda. Barcha mablag‘lar o‘z vaqtida va to‘liq holda to‘lab beriladi”, qo‘shimcha qildi Siluanov.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin topshirig‘iga binoan, 1 iyundan boshlab qaramog‘ida 16 yoshgacha farzandi bo‘lgan oilalarga, koronavirus pandemiyasi davridagi moddiy yordam sifatida, har bir farzand uchun 10 ming rubldan (140 AQSh dollar atrofida) moddiy yordam ko‘rsatila boshlandi. Iyun oyi oxirida Prezident moddiy yordam to‘lovlarining ikkinchi bosqichi haqida e’lon qilgandi.