Rossiya TIV matbuot kotibining O‘zbekistonga nisbatan aytgan gaplari samimiy emas
Yaqinda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan edi. Undagi qoidalar juda sodda va tushunarli: Agar davlat tashkiloti faoliyat va biznes faoliyatini amalga oshirishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga amal qilmasa, mazkur tashkilotning mansabdor shaxsi ma’muriy jazoga tortiladi.
Jazo faqat vazir, hokim, qo‘mita raisi, rahbari va boshqa lavozimdagi davlat tashkiloti mansabdor shaxsiga nisbatan qo‘llaniladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari davlat tashkilotlariga har qanday tilda murojaat qilishi, odamlar bilan istagan tilida muloqot qilishi mumkin va bunga hech qanday to‘siqlar va jazo mavjud emas.
Davlat tashkilotlarida ishlaydigan turli tillarda so‘zlovchi, boshqa millatga mansub fuqarolar istagan tillarida gaplashishlari va o‘z faoliyatlarini istagan tillarida olib borishlari mumkin. Bunga hech qanday to‘siq va e’tirozlar yo‘q. Davlat organlarining rasmiy hujjatlari boshqa tillarda ham yuritilishi mumkin.
Qonun loyihasida davlat organlari va tashkilotlari “davlat tilini hurmat qilishi” kerakligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston mustaqil davlat va o‘z tili, o‘z qadriyatlari, o‘z qonunlari va o‘z rivojlanish yo‘liga ega. Shunday ekan, davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari o‘zbek tilini bilishga va hurmat qilishga, shuningdek, davlat tilidan foydalanishi uchun mas’uliyatni his qilishga majburdirlar.
Hukumat hech qachon boshqa tillarda so‘zlashuvchi O‘zbekiston fuqarolarini qanday millat, qaysi til, qaysin dinga mansubligidan qat’iy nazar, jazolamaydi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi M.Zaxarova rasmiy minbardan turib, “...rus tili rasmiy til bo‘lishini ko‘pchilik o‘zbeklar istayotgani va qonun loyihasining tarafdorlari orasida deputatlar va aholi vakillari kamchilikni tashkil qilishi” to‘g‘risida munosabat bildirdi.
Qaysi ma’lumotlar bazasi mazkur qonun loyihasi tarafdorlari ozchilikni tashkil etishi to‘g‘risidagi tezisni tasdiqlaydi?
Aftidan Rossiyaning obro‘li davlat idorasining rasmiy vakili hozirgacha o‘zi suveren davlat qonun loyihalariga izoh berish o‘rniga, tekshirilmagan, osmondan olingan ma’lumotlardan foydalanishda muntazam ravishda ayblab kelayotgan taniqli rossiyalik muxolifat blogeri bilan bo‘layotgan qarama-qarshiliklar doirasida qolib ketmoqda yoxud hanuzgacha undan uzoqlasha olmayapti.
Darvoqe, bevosita TIV departamenti boshlig‘i vakolatlari doirasiga kirmaydigan ishni qilgandan ko‘ra, bizning mamlakatimizda ro‘y berayotgan jarayonlarni, o‘zgarishlarni, shu jumladan, Rossiya va boshqa davlatlar bilan amalga oshirilayotgan ijobiy munosabatlarni chuqurroq tahlil qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aynan shu bugun Toshkent viloyatining Angren shahrida Sovet ittifoqi qahramoni, Italiya milliy qahramoni F.Poletayevga o‘rnatilgan haykal qayta tiklandi.
Mana, sizga xalqimizning asl ruhiyati va mentaliteti to‘g‘risidagi minglab misollarning birgina namunasi. Savollar ko‘p, lekin biz Rossiya rasmiy vakilini asossiz rasmiy bayonot berishda ayblashni istamaymiz. Chunki u tayyor tezisni o‘qidi xolos...
Ammo uning O‘zbekistonga nisbatan aytgan gaplarining samimiyligi shubha uyg‘otadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, men va mening hamkasblarim shuni ishonch bilan ayta olamizki, bizning deputatlarimiz va senatorlarimiz umumxalq muhokamasi asosida davlat tili ustuvorligi, mavqeini mustahkamlaydigan qonun loyihasini, albatta qabul qiladilar va ma’qullaydilar.
Yelena KOMPOLЩIK,
Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.