Rossiya Ukrainaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ko‘lamini kengaytirdi

Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ko‘lamini kengaytirdi. Xususan, Ukrainaning sobiq prezidenti Petr Poroshenko ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

2018 yilning noyabr oyida Moskva Ukrainaning 300 dan ortiq jismoniy va 68 nafar yuridik shaxslariga qarshi maxsus iqtisodiy choralar joriy etdi. Keyinchalik, ro‘yxat bir necha bora kengaytirildi va undan Ukrainaning bir qator yuqori mansabli siyosatchilari joy oldi. Jumladan, Ukrainaning o‘sha vaqtdagi IIV rahbari Arsen Avakov, mudofaa vaziri Stepan Poltorak, Ukraina xavfsizligi xizmati (UXX) rahbari Vasiliy Gritsak va boshqalar. Cheklov choralari Rossiya hududidagi ko‘chmas mulk va naqdsiz pul mablag‘larini bloklash, shuningdek, mamlakat hududidagi pul mablag‘larining chetga olib chiqilishini taqiqlashni o‘z ichiga oldi.

Ushbu choralar Kiyev tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga javob bo‘ldi. Ukraina, Qrim Rossiya hududiga qo‘shilganidan so‘ng Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy eta boshladi va ushbu ro‘yxat ham bir necha bor kengaytirildi.