Rossiyada migrantlar uchun portal ishga tushdi

Rossiyaning Orenburg oblastida O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun portal ishga tushdi.

Orenburgda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan xorijlik ishchilarga yordam berish maqsadida yaratilgan «OrenMigrant» internet portalining taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Portalda Rossiyaga kirish va bo‘lish tartibi, ishga joylashish, tibbiy yordam va ta’lim olish imkoniyatlari, Rossiya jamiyatida o‘zini tutish qoidalari, politsiya bilan o‘zaro munosabatlar, qonunni buzganlik uchun javobgarlik, foydali maslahatlar va aloqa haqida ma’lumotlar mavjud.

Sayt hozirda rus tilida ochilgan bo‘lsa-da, keyinroq unga qirg‘iz, tojik va o‘zbek tillariga tarjimalar funksiyasi qo‘shiladi. Orenburg viloyati mintaqaviy va axborot siyosati vaziri o‘rinbosari Roman Sukanov veb-sayt asosida migrantlar uchun mobil ilova ishlab chiqishni istiqbolli deb hisoblagan.