Rossiyada murakkab vaziyatda qolgan 7 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatildi

Samarqandlik L.K va xorazmlik J.A uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan ishsiz, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz moliyaviy qiyin ahvolda qolgan.

Bundan tashqari, andijonlik X.A ishlash maqsadida joriy yilning may oyida Rossiyaga borgan. Biroq salomatligi yomonlashgani sababli ishlay olmagan.

Shuningdek, samarqandlik A.A Moskva shahrida baxtsiz hodisa tufayli avtohalokatga uchragan. Ushbu fuqaroga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan davolanishga yordam berilib, vaqtinchalik yashash uchun xostelga joylashtirilgan.

Mazkur fuqarolarga O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik idoralari tomonidan "Vatanga qaytish guvohnomasi" rasmiylashtirib berildi.

31 may kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Moskva-Toshkent, Sankt-Peterburg-Toshkent aviareyslari orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Xalqaro migratsiya tashkiloti xodimlari kutib olib, o‘z manziliga kuzatib qo‘ydi.