Rossiyada o‘tkaziladigan G‘alaba paradida qaysi davlat yetakchilari qatnashishi ma’lum qilindi

1945 yil 24 iyun kuni Moskva shahri Qizil maydonida dastlabki G‘alaba paradi bo‘lib o‘tgandi.

Kreml tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan joriy yilning 24 iyun sanasida Moskvada o‘tkaziladigan G‘alaba paradida O‘zbekiston, Belarus, Bosniya va Gersegovina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldaviya, Tojikiston, Serbiya, Janubiy Osetiya va Abxaziya rahbarlari ishtirok etadi. Bundan tashqari, MDH ijro qo‘mitasi yetakchisi Sergey Lebedev, YevroOsiyo iqtisodiy komissiya rahbari Mixail Myasnikovich va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT “ODKB”) bosh kotibi Stanislav Zaslarning Rossiya poytaxtiga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Yana ta’kidlanishicha, Rossiyaga taklif etilgan bir qator davlat rahbarlarining paradda ishtirok eta olmasliklariga hukumat tushunish bilan qaraydi. Jumladan, Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich, AQSh Prezidenti Donald Tramp, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya Kansleri Angela Merkel va Chexiya Prezidenti Milosh Zeman uzrli sabablarga ko‘ra, bayram tantanalarida ishtirok eta olmasliklarini ma’lum qilishgan.