Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirini deb bolalar bog‘chasini yopib qo‘yishdi

O‘zbekistonlik keksa mehnat muhojiri o‘zi bilmagan holda Rossiyaning Novocheboksarsk shahridagi sud ishiga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda nuz.uz.

Ushbu shahardagi bog‘chalardan birini o‘zbekistonlik yoshi keksa mehnat muhojiri tufayli yopib qo‘yishdi. 

Gap shundaki, Novocheboksarsk shahridagi 10-«Skazka» bolalar bog‘chasining mudirasi 2018 yilning noyabr oyida o‘zbekistonlik 63 yoshli mehnat muhojirini qorovullikka ishga oladi. Rossiya qonunlariga ko‘ra u bu haqda 3 kun ichida Migratsiya xizmatiga ma’lum qilishi lozim edi. Bog‘cha mudirasi bu haqda Migratsiya xizmatiga xabar bermagan. U keyinchalik qonunchilikda bunday tartib borligini bilmaganini aytgan.

Ushbu qoidabuzarlik haqida xabar topishganidan so‘ng, Novocheboksarsk shahri Migratsiya xizmati da’vosi bilan bog‘cha mudirasiga qarshi sudda ish ochildi va u tegishli tartibda ko‘rib chiqildi.

Sudning qaroriga ko‘ra, bog‘cha faoliyati 14 kunga to‘xtatildi, uning kirish qismini yopib muhrlab ketishdi.

Xabarda o‘zbekistonlik keksa yoshli mehnat muhojirining keyingi taqdiri nima bo‘lgani haqida umuman gap yo‘q.