Rossiyaga kiritib qo‘yishni taklif etayotganlardan ogoh bo‘ling, individual tarzda kirishiga ruxsat yo‘q!

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizni Rossiya hududiga kirishi uchun ruxsat olib berish bo‘yicha taklif etilayotgan xizmatlar hamda O‘zbekistondan Rossiyaga borib, mamlakatga kiritilmayotgan fuqarolar haqida xabarlar tarqalmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

"Koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy yilning mart-aprel oylaridan boshlab xalqaro qatnovlar, shu jumladan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar vaqtincha cheklangan. Chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2020 yil 16 martdagi N 635-r-sonli «Rossiya Federatsiyasiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash va vizalar va taklifnomalarni berishni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida»gi farmoyishi bilan qator cheklovlar joriy etilgan.

Ayni paytda ayrim toifadagi fuqarolardan tashqari yurtdoshlarimizning individual tarzda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Rossiya hududiga kirishiga ruxsat yo‘q. Faqatgina Rossiya Hukumatining koronavirusga qarshi shtabi tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan ro‘yxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar ushbu mamlakatga kiritilmoqda.

Pandemiya davrida xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijga ishga jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan joriy yilda 264 ta xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijasida Rossiyaning 30 ta, Qozog‘istonning 52 ta, BAAning 3 ta, Turkiyaning 1 ta va Tojikistonning 2 ta ish beruvchi va rekruting tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanib, 64 758 ta bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan. O‘rnatilgan karantin cheklovlari va tartiblariga rioya etgan holda xorijiy davlatlarga o‘rnatilgan tartibda 9 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tartibda ishga jo‘natilgan.

Ayni paytda Rossiya hududida ishlash istagidagi O‘zbekiston fuqarolarini pandemiya va undan keyingi davrda tashkillashtirilgan holda kirish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Afsuski, ushbu vaziyatdan foydalanib, ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni turli asossiz xabarlar bilan chalg‘itish va firibgarlik orqali pul topishga urinish holatlari yuz bermoqda.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan Rossiya Federatsiyasi hududiga olib kirib qo‘yish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmasliklarini va turli yo‘llar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmasliklarini tavsiya qilamiz.

Turli soxta hujjatlar chegaralarni kesib o‘tishga urinish O‘zbekiston va Rossiya qonunlariga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkin", deyilgan bayonotda.

Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishlari va ish beruvchilarning tanlovlaridan o‘tgan taqdirda tashkillashtirilgan holda ushbu mamlakatga ishga ketishlari mumkin.