Ro‘za organizmni yoshartiradi, ruhni yengil qiladi

Tabiatning shunday qoidasi bor, hujayralar muntazam yangilanib boradi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu holatning ro‘za tutish bilan bog‘liq jihati xususida ma’lumot taqdim etdi.

2016 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yaponiyalik olim Yosinori Osumi aniqlagan eng qiziq holatlardan biri – autofagiya ya’ni organizmning eng faol ishlaydigan payti bo‘lib, inson tanasi zo‘riqib ishlayotgan vaqti, masalan, ochlik paytlari bo‘lar ekan. Ya’ni, ochlik orqali odam organizmi birinchi o‘rinda o‘zidagi turli darajada zararlangan, kasallangan, keraksiz hujayralardan qutulib, ularni energiyaga aylantirib iste’mol qilib yuborar ekan.

Osumining ilmiy kashfiyotini sinovdan o‘tkazgan boshqa mustaqil tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, autofagiya organizmni xiltlardan, chiqitlardan tozalash orqali erta qarishning oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bu jarayonda yo‘q qilingan zararli hujayralar o‘rni yangi yosh hujayralar bilan qoplanadi va bu orqali tana yosharadi.

Turli olimlarning taqdiqotlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, rejalashtirilgan ochlik organizmni haqiqatan ham turli chiqitlardan, toksinlardan tozalash imkonini berar ekan. Ro‘za orqali ruh yengil bo‘ladi, tana ham tozalanib, yangilanadi.