Ruminiyalik olimlar Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalariga dars beradi
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan Kluj Napoka qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti o‘rtasida 2019 yilda hamkorlik memorandumi imzolangandi. Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan mazkur universitetning ikki nafar olimi - veterinariya fanlari doktori, professor D.Jorjiana hamda ilmiy xodim L.Katalina Samarqand veterinariya meditsinasi institutida bo‘ldi.
Institut rektori, professor Xudoynazar Yunusov yevropalik olimlarga muassasadagi ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqotlar bilan tanishtirdi.
Mehmonlarni institutning qo‘shma ta’lim dasturlari qiziqtirdi. Ayni kunda institutda 3 ta qo‘shma ta’lim dasturi mavjud bo‘lib, ular Latviya va Belarus Respublikalari turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tuzilgan. “2+2”, “1+3” ta’lim dasturlariga binoan, talabalar har ikkala oliy o‘quv yurtida ta’lim oladi va ikki mamlakat diplomiga ega bo‘ladi.
Professor Jorjiananing so‘zlariga ko‘ra, ular “Erasmus” loyihasi doirasida o‘zbekistonlik talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etadi. Shuningdek, veterinariya parazitologiyasi sohasida xalqaro tajribalarni ommalashtirish va yirtqich hayvonlar parazitologiyasiga doir eksperimental tadqiqotlar natijalari bo‘yicha institut professor-o‘qituvchilari bilan fikr almashadi.
Ruminiyalik olimlar Samarqandda 12 dekabrga qadar bo‘ladi. Ular ilmiy tadqiqotchi, stajyor va talabalarga parazitologiya mavzusida ma’ruza o‘qiydi. “Zarafshon” davlat qo‘riqxonasi faoliyati bilan tanishadi.
SamVMI axborot xizmati.