Rustam Xolmurodov nega talabalarning chet tillarni bilish darajasidan qoniqmaydi?
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov “Talabalarning chet tillarni bilish darajasi sizni qoniqtiradimi?” degan savolimizga shunday izoh berdi:
- Universitetning barcha ta’lim yo‘nalishlarida talabalar 1-, 2-, 3-bosqichda – uch yil davomida chet tillarni o‘rganadi. Shunga qaramasdan, talabalarning chet tillarni bilish darajasini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Sababi, o‘qishga kelayotgan abituriyentlarga maktab davrida chet tilini o‘qitish talab darajasida emas. Oliy ta’limda asosiy maqsad talabalarga chet tillarni o‘rgatish emas, balki xorijiy adabiyotlar asosida mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shimcha bilim berish hisoblanadi. Afsuski, maktabda yoshlarning chet tillardan olgan bilim darajasi universitetda chet tillarni o‘qitish dasturini to‘liq o‘zlashtirish uchun yetarli emas. Lekin bugungi ahvoldan kelib chiqqan holda universitet talabalariga chet tillarni o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, o‘quv reja asosidagi fanlardan tashqari, bir necha til o‘rganish kurslari tashkil qilingan. Bundan tashqari, har bir ta’lim yo‘nalishida 2-kursdan boshlab mutaxassislik fanlari va chet tilini chuqur o‘qitishga mo‘ljallangan iqtidorli talabalar guruhlari tashkil qilingan. 2019-2020 o‘quv yilida universitetning 13 ta ta’lim yo‘nalishida 26 ta mutaxassislik fanlari ingliz tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.