Samarqand davlat tibbiyot institutida talabalar uchun xalqaro onlayn olimpiada boshlandi

Bugun Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Samarqand - 2020” xalqaro onlayn olimpiadasi boshlandi.

Onlayn olimpiadada Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning tibbiyot oliygohlaridan jami 27 talabalar jamoasi, 2000 dan ortiq talabalar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchi jamoalarning ijodiy qutlovidan boshlandi. So‘ngra jamoalarning ijodiy chiqishlari va ilmiy ishlarining taqdimoti o‘tkazildi. Xalqaro onlayn olimpiadaning asosiy ishi turli mamlakatlar tibbiyot oliy o‘quv yurtlari vakillaridan iborat bo‘lgan sho‘’balarda davom etdi.

Jamoalar tomonidan 80 dan ortiq ijodiy ishlar va 140 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar taqdim qilindi. Ularni baholash uchun Koreya, Yaponiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi olimlari hamda professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan hay’at faoliyat olib bordi.

Tadbirda 23 ta fan bo‘yicha 1500 ga yaqin talabalar o‘zaro bahslashdi. 400 nafarga yaqin magistr va klinik ordinator talabalari 13 ta fan bo‘yicha bilimlarini sinadilar.

Talabalar xalqaro onlayn olimpiadasi 2 kun davom etadi. 

SamDTI axborot xizmati.