Samarqand davlat universiteti va Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi

Samarqand davlat universitetiga Italiyaning Tushia universiteti rektori Stefano Ubertini boshchiligidagi delegatsiya keldi. Mehmonlar dastlab universitetning arxeologiya, zoologiya muzeylari, yangidan tashkil etilgan Biokimyo instituti bilan tanishdi.

SamDU rektori bilan muloqotda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama etildi. Tomonlar o‘rtasida uzumchilik va g‘allaning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy laboratoriya hamda qo‘shma magistratura yo‘nalishlarini tashkil etishga kelishildi. Arxeologiya, landshaft dizayni, energetika sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.

- Samarqandga ilk bor kelishim. Samarqand davlat universitetidagi bir qator ilmiy laboratoriyalar, Biokimyo institutidagi oranjeraya, arxeologiya va zoologiya muzeylaridagi noyob eksponatlari bilan tanishdim.  Universitet bilan hamkorligimiz manfaatli bo‘lishiga ishonaman, - deydi delegatsiya rahbari Stefano Ubertini.

Shuningdek, uchrashuvda oziq-ovqat ilmlari, «Erasmus+» dasturi bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlash, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Italiyalik talabalar Samarqand davlat universitetiga arxeologiya yo‘nalishida tajriba almashishga kelishi uchun shartnomalar imzolanadigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Tushia universitetida Yevropaning eng yirik yettita ilmiy tadqiqot institutlaridan biri joylashgan. Asosan, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, oziq-ovqat, biotexnologiyalar, arxitektura, chiqindilarni qayta ishlash, tarix, inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha katta tajribaga ega, deyiladi axborot xizmati xabarida.