Samarqand davlat universitetida Yaponiyaning Tottori universiteti vakolatxona ochadi

Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyada bo‘lib turibdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad - Yaponiyaning Tottori universiteti bilan xalqaro va ilmiy sohalarda hamkorlik aloqalarni o‘rnatish hamda professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mintaqalarda agrar sohadagi texnologiyalarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston sharoitida tatbiq qilishning samarali yo‘llarini ishlab chiqish.

Shu bilan birga, Yaponiyada qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish bo‘yicha yagona hisoblangan Tottori universiteti markazini SamDUda ochish bo‘yicha muzokaralar va kelishuvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur markaz Yaponiya tajribasi asosida qurg‘oqchil mintaqalarda agrar sohadagi zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va ularni O‘zbekistonga transfer qilishni nazarda tutadi.

R.Xolmurodov Tottori universitetining qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi direktori, professor Tsujimoto Hisashi bilan uchrashib, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Shuningdek, markaz faoliyati va laboratoriyalari bilan tanishdi.

Tantanali marosimda O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ishtirok etdi.

Yaponiyadagi 800 ta universitet orasida 59-o‘rinda bo‘lgan Tottori universiteti, asosan, biologiya, kimyo, yer fanlari, tibbiyot va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Talabalarning amaliyotlari 23 davlatning 67 universitetlarida olib boriladi.

Bugungi kunda Tottori universitetida 20 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari mavjud. Dunyo bo‘ylab global ahamiyatga molik ta’lim va ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirib kelayotgan qurg‘oqchil mintaqalarda ta’lim va ilmiy-tadqiqot xalqaro markazi dunyoning turli nuqtalarida yer ilm-faniga oid muhim mavzulardagi tadqiqotlarni rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi. Markaz shu kunga  qadar 11 ta davlatda uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.