Samarqand – Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining «Yashil shaharlar» dasturi a’zosi
16-18 may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yillik yig‘ilishi o‘tkaziladi. Ayni paytda yurtimizda mazkur nufuzli tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rilyapti.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelayotgan xalqaro moliya muassasalaridan biri hisoblanadi.
2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra, YeTTB sarmoyalari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston mintaqada peshqadam bo‘lib turibdi. Bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 3 milliard yevrodan oshadi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 50 foizgacha ko‘paygan.
Jumladan, yurtimizda aholi suv ta’minoti tizimi va markazlashtirilgan issiqlik ta’minotini yaxshilash, elektr energetikasi sohasini modernizatsiya qilish, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirishga oid loyihalarda mazkur moliya muassasasi faol ishtirok etmoqda.
Samarqand Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining «Yashil shaharlar» dasturiga qo‘shilgan yurtimizdagi ilk shahar hisoblanadi. Mazkur dastur bo‘yicha Samarqand shahar jamoat transporti uchun 350 ta elektrobus xarid qilish hamda ular bilan bog‘liq infratuzilmani yaratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 155 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan va ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda Samarqandga 2023 yil may oyiga qadar 6 ta hamda yil yakuniga qadar 94 ta 10,5 metrlik elektrobuslar xarid qilish hamda ularni saqlash uchun park tashkil etish belgilangan.
Samarqand viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun 2021 yil 7 iyunda investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, YeTTB, Samarqand viloyati va Samarqand shahar hokimliklari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Loyiha operatori sifatida viloyat transport boshqarmasi muassisligida «Samarqand viloyati transport boshqarmasi muassisligidagi Samarqand yo‘lovchitrans» davlat korxonasi qayta tashkil etildi. Elektrobuslarini joylashtirish uchun umumiy maydoni 3,82 gektar bo‘lgan avtotransport parki tanlangan. Shuningdek, o‘tgan yil 100 ta elektrobus hamda ularni quvvatlantirish moslamalarini xarid qilish bo‘yicha ochiq xalqaro tender e’lon qilindi. Xarid komissiyasining 2022 yil dekabr oyidagi qarori bilan ikki bosqichli tender savdolari yakunlanib, 2023 yil 10 fevral kuni g‘olib tashkilot – “Yutong Bus Co., Ltd” (Xitoy) bilan 29,7 million dollarga shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma asosida yaqinda Samarqand shahriga dastlabi 6 ta zamonaviy elektrobus keltirildi. Yil yakunigacha qolgan 94 ta elektrobusni keltirish hamda mavjud transport parki kapital qurilishini yakunlash ko‘zda tutilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida esa 2024 yil birinchi choragida 8,5 metrli 43 ta, yil yakuniga qadar esa yana 207 ta elektrobus xarid qilish hamda yangi depo qurilishi belgilangan.
Bundan tashqari, 2024 yilda Samarqand shahrining infratuzilmasi va atrof-muhit bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish bo‘yicha «Yashil shahar harakatlar rejasi» ishlab chiqilishi uchun xalqaro konsultantlar guruhi jalb etilgan.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi keyingi paytda yirik turizm va xalqaro forumlar markaziga aylanib borayotgan Samarqand shahrining infratuzilmasini yanada yaxshilash va zamon talablariga moslashtirish, aholi va sayyohlarga qulaylik yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.