“Samarqand HETK” AJ: Sovuq kunlarda iste’mol miqdori oshayotgani, elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklanish sabab ta’minotda uzilishlar yuzaga kelyapti

Joriy yilning 10 yanvaridan boshlab, Samarqand viloyatida ob-havoning keskin sovushi oqibatida iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji bir necha bor oshdi.

Ayni sovuq kunlarda iste’molchilarning elektr energiyasidan me’yoridan ortiq foydalanishi tufayli elektr uzatish tarmoqlarida kuchli yuklanish sabab ta’minotda uzilishlar sodir bo‘lmoqda.

Misol uchun, Samarqand viloyatining bir kunlik iste’moli uchun ob-havo harorati  + bo‘lganda 16 500 milliondan 17 000 million kVt/soatgacha elektr energiyasi sarflanadi. Berilgan miqdor va topshiriq esa 16 100 million – 16 150 million kVt/soatni tashkil etadi.

Ob-havoning keskin sovushi va harorat tushganda 18 400 million kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Buning evaziga transformatorlarda zuriqish hosil bo‘lib, ayrim hududlarda qisqa muddatli uzilishlar yuzaga keladi. Ya’ni, bir kunlik elektr energiyasi iste’moli berilgan miqdordan 2 200 million - 2 300 million kVt/soatgacha ortib ketadi.

Qolaversa, ayrim mahallalarda elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanayotgan iste’molchilar ham mavjud. Birgina misol, Samarqand shahri, Alpomish ko‘chasi, 5-uy, 3-xonadon egasiga tegishli hisoblagichni o‘chirib qo‘yib, noqonuniy ishlatayotgani aniqlandi.

Shunga qaramasdan, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ barcha iste’molchilarga elektr energiyasini bir me’yorda yetkazib berish bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘rmoqda.

“Samarqand HETK” AJ axborot xizmati.