Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 45 nafar abituriyentni grant asosida o‘qitadi
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bugun abituriyentlar bilan gavjum. Ular oliygohga kirish bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tmoqda.
– Yangi o‘quv yilidan mazkur oliygohda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha tahsil olish istagida bo‘lgan abituriyentlar 10 ta yo‘nalishdan birini tanlab ro‘yxatdan o‘tmoqda, – deydi institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi I.Shodmonov. Shu bilan birga magistrlar tayyorlash uchun uchta mutaxassislik bo‘yicha 9 ta yo‘nalishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, sirtqi ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar uchun 3 ta yo‘nalish bo‘yicha 75 ta o‘ringa qabul qilish belgilangan. Shu ta’lim shakli va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul joriy yilning 1 iyulidan boshlanadi.
Darvoqe, bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha o‘tgan o‘quv yilida mavjud bo‘lgan kasb ta’limi: buxgalteriya hisobi va audit, kasb ta’limi: iqtisodiyot, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish hamda turizm(xalqaro va ichki turizm) kabi to‘rtta yo‘nalish bekor qilindi. Ular o‘rniga joriy yildan boshlab talab darajasiga binoan mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi hamda aholi va turistlarning ovqatlanishini tashkil etish servisi yo‘nalishlariga qabul qilish boshlandi.
Institutga 2019-2020 o‘quv yilida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha grant asosida 45 nafar hamda to‘lov-kontraktga 430 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Magistrlar tayyorlash uchun esa 9 nafar grant va 67 nafar xohlovchi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.
– Iqtisodiyot fakulteti menejment yo‘nalishida o‘qishni orzu qilardim va bugun shu yo‘nalishda o‘qish orzusi bilan ro‘yxatdan o‘tdim, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Laziza Jamshedova. – Oldingi yili ham shu yo‘nalishga hujjat topshirib, omadimni sinab ko‘rgan edim. Biroq o‘qishga kirish nasib etmadi. Shunday bo‘lsada-da, bilim olishdan, izlanishdan chekinmadim va maqsadni aniq qo‘yib, o‘qishga kirish uchun tayyorlandim. O‘ylaymanki, shu yil olgan bilimlarim o‘z samarasini ko‘rsatadi va talaba bo‘lish baxtiga erishaman.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ayni paytda oliygohning iqtisodiyot hamda buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishlariga ko‘plab abituriyentlar qiziqish bildirmoqda.