Samarqand shahar davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Samarqand shahri kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida shahar davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan ikki qavatdan iborat markazda fuqarolarga bir kunda 148 turdagi 2 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Elektron navbat tizimi 18 ta monitorda aks etib turadi, 36 ta qabul oynasida ko‘rsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi.
– Ilgarigi binoda kutish zalining torligi bois murojaatchilar ichkariga kirsa, qolganlari yo‘lakda kutib qolishardi, – deydi Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi direktori Suhrob Qodirov. – Zamonaviy arxitektura dizayni asosida jihozlangan ushbu muhtasham markaz binosida esa fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Murojaatchilarning farzandlari uchun ham qulay sharoit yaratilgan bo‘lib, bolalar uchun maxsus o‘yin maydonchasi ajratilgan. Shuningdek, shahar fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limi, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar xonasi, advokatura, notarius va sug‘urta bo‘limi, bank kassasi, haydovchilik guvohnomasini almashtirish hamda fuqarolik pasportini berish bo‘yicha shahar ichki ishlar bo‘limi xodimi xonasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, kutish zalida mo‘’jaz kitob javoni bo‘lib, fuqarolar bu yerda jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlarini mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Markazning ikkinchi qavatiga eskalator hamda liftda chiqiladi. Markaz binosi “KAYUMOV STROY INVEST” MChJ quruvchilari tomonidan bunyod etildi.
Tadbirda Davlat xizmatlari agentligi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).