Samarqand shahar DSI xodimlariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi
Joriy yilning 23 fevral kuni saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqanddagi noqonuniy dorixonalarning faoliyatiga qachon chek qo‘yiladi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Maqolada tilga olingan dorixonalar faoliyati viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan vakolat doirasida o‘rganildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi Katta O‘zbek trakti ko‘chasi, 16-uyda joylashgan “Akram” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1996 yil 14 avgustda 149-sonli ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Dorixonadagi “Merkuriy 115 F” nazorat-kassa mashinasi Samarqand shahar DSIdan 2018 yil 24 fevralda 1801104875-sonli reyestr raqami bilan ro‘yxatga olingan. Ta’kidlash lozimki, dorixona 2018 yil 10 aprelda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziyani olgan. Mazkur litsenziyaning muddati 2023 yil 10 aprelgacha amalga qiladi. “Akram” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat yuritayotgan bino “Bio Nur Med Servis” MChJga tegishli ekanini qayd etish joiz. Bino egasi bilan joriy yilning 3 yanvar kuni 2-sonli ijara shartnomasi tuzilgan.
Maqolada qayd etilgan Katta O‘zbek trakti ko‘chasi, 14-uyda joylashgan “Piramida farm fayz” MChJ 2012 yil 8 dekabr kuni 9511-sonli ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Dorixonadagi “Merkuriy-115 F” nazorat-kassa mashinasi 2013 yil 19 martda Samarqand shahar DSI tomonidan 1169-sonli reyestr raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Dorixonaga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziya 2018 yil 19 yanvarda berilgan. Litsenziya muddati esa 2023 yil 19 yanvarda yakunlanadi. Dorixona “Nisi multifrutts trade” MChJga qarashli binoda ish yuritadi. Bino egasi bilan 2020 yil 2 yanvarda ijara shartnomasi tuzilgan.
Obirahmat ko‘chasi, 2 A-uyda faoliyat yurituvchi dorixona “Shahrizoda Rayxona farm shifo” MChJga tegishli bo‘lib, jamiyat 2012 yil 6 iyunda 614201-sonli ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Dorixonadagi “Merkuriy-115 F” nazorat-kassa mashinasi shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2018 yil 2 avgustda 18011056692-sonli reyestr raqami bilan ro‘yxatga olingan. Maqolada ushbu dorixona tegishli tashkilotdan ruxsatnoma olmasdan faoliyat yuritmoqda, deya iddao qilinadi. Holbuki, dorixona 2018 yil 20 iyul kuni dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziyani olgan. Litsenziyaning tugash muddati 2023 yil 20 iyul qilib belgilangan. Mazkur dorixona ish yuritayotgan bino “Gold medical ligh” MChJga qarashli bo‘lib, 2020 yil 16 yanvarda ijara shartnomasi tuzilgan.
Samarqand shahar, Panjikent ko‘chasida joylashgan dorixonada Sug‘diyona massivida joylashgan 21-uy manzili ko‘rsatilgan “Sogda Sardor farm servis” MChJga qarashli dorixonani litsenziyasi bilan faoliyat yuritayotganligi o‘rganilganda, Panjakent ko‘chasi, 2-uyda faoliyat yuritish uchun “Temur biomed” MChJ 2020 yil 5 fevral kuni 810533-sonli ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, bugungi kungacha faoliyat yuritmayotganligi aniqlandi. Shunga qaramay, ushbu hududga biriktirilgan shahar DSI xodimi Javlon Bobirov tomonidan dorixona mutasaddilariga tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish xati berilmagan. Shuningdek, J.Bobirov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2016 yil 15 apreldagi 155-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining Odob-axloq qoidalari” talablari doirasida muomalada bo‘lmagan.
Maqolada Samarqand shahridagi Xo‘ja Ahror Valiy ko‘chasi, 24-uyda joylashgan “Asliddin” MChJga qarashli dorixona litsenziyaga ega emasligi aytilgan. Ta’kidlash lozimki, jamiyat 2003 yil 31 dekabrda 00057-sonli ro‘yxat raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Dorixonadagi “Merkuriy-115 F” nazorat-kassa mashinasi shahar DSI tomonidan 2013 yil 24 oktyabrda 11964-sonli reyestr raqami bilan ro‘yxatga olingan. Ushbu dorixona haqiqatdan ham litsenziyasiz faoliyat olib bormoqdami? Yo‘q. Dorixonaga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziya 2016 yil 21 iyunda berilgan. Litsenziya muddati 2020 yil 27 may kuni o‘z nihoyasiga yetadi. Dorixona faoliyat yuritayotgan bino Faxri Nasriyev tegishli bo‘lib, joriy yilning 2 yanvar kuni ijara shartnomasi tuzilgan.
Joriy yilning 24 fevral kuni “Akram” MChJ rahbari Azamat Vasliddinov, “Piramida farm fayz” MChJ rahbari Azizjon Oripov, “Shahrizoda Rayxona farm shifo” MChJ rahbari Dilafro‘z Jalilova va “Asliddin” MChJ sotuvchisi Farrux Jamolov bilan aholiga savdo xizmatini ko‘rsatish, nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminallaridan foydalanish qoidalariga rioya qilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 1 apreldagi 80-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma asosida profilaktik suhbat o‘tkazildi. Shuningdek, ularga savdo qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, aholiga savdo xizmati ko‘rsatganda nazorat-kassa mashinasidan xarid chekini bermaslik va to‘lov terminalidan foydalanmaslik qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy va moliyaviy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish xatlari berildi.
Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun Samarqand shahar DSI xodimlari J.Bobirov, G‘.O‘rolov va A.Ismatovlarga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.