Samarqand shahar, Samarqand va Past Darg‘om tumanlari hokimliklari atrofidagi panjaralarni olib tashlash kerak

Samarqand viloyati hokimligi telegram kanalida e’lon qilingan “Panjaralar kerakmi?” nomli postda shunday fikr ilgari surildi.

- Negadir, keyingi yigirma yillikda davlat muassasalari va tashkilotlari atrofini baland metall to‘siqlar bilan o‘rash zamonaviy arxitekturamizning ajralmas atributi sifatida qabul qilingan, - deyiladi postda. – Har qanday muassasa o‘zini to‘siq bilan himoya qilish zarur deb hisoblaydi. Imkoniyatidan kelib chiqib, baland yoxud pastroq qilib, bino atrofini temirdan yasalgan panjaralar bilan o‘rab olishadi. Menimcha, bu panjaralar har qancha bejirim yoki ko‘rkam bo‘lmasin, barcha holatlarda shahrimiz qiyofasini buzmoqda.

Shu nuqtai nazardan, zarurat bo‘lmasa, viloyatimiz hududidagi davlat korxonalarini o‘rab olgan panjaralarni olib tashlash va yangi qurilayotgan  bino-inshootlarni panjarasiz foydalanishga topshirish amaliyotini joriy etish kerak, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan viloyatdagi keraksiz panjaralarni olib tashlashimiz kerak. Misol uchun, Samarqand shahar, Samarqand va Past Darg‘om tumani hokimliklari, viloyat majburiy ijro byurosi, 1-tug‘ruq majmuasi, Konfutsiy xiyoboni yonidagi Samarqand davlat universitetiga qarashli yotoqxona, “OASIS GARDEN” restorani binolari va hokazo...